Temir yo‘l kesishmalarida qoidalarga amal qilaylik
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan tartibda olib borilmoqda. Joriy yilning 11 oyi davomida 214 ta tashkilotda tekshirish o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 11819 ta kamchiliklar aniqlangan. Tekshiruvlar davomida poyezdlar harakati xavfsizligini tartibga soluvchi normativ hujjatlarning mavjudligi, xodimlarning sifat tarkibi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tekshirishlar bilan birgalikda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, vazirlik va idoralarning temir yo‘llarida poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan 4998 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarda 28321 nafar xodim ishtirok etdi. O‘tkazilgan profilaktika ishlari natijasida temiryo‘l, harakatdagi tarkib, elektr taʼminoti, signalizatsiya va aloqa qurilmalari va boshqa texnik vositalaridan foydalanish va ularni saqlashda belgilangan meʼyorlardan cheklanishlar va turli nosozliklar tufayli yuzaga kelgan 16054 ta kamchilik aniqlandi hamda ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va takrorlamaslik bo‘yicha tushuntirish berildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalaridagi tezyurar va yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlari harakati xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yuqori tezlikdagi Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalarida 2021 yilning 11 oyi davomida 2569 nafar xodim ishtirokidagi 715 ta seminar-yig‘ilish va profilaktika tadbirlari amalga oshirildi.
Avtomashina haydovchilari shoshmashosharligi va qoidalarga bo‘ysunmay harakatlanishi natijasida temir yo‘l kesishmalarida harakatdagi tarkibning avtomashina bilan to‘qnashuvlari bo‘yicha 43 ta holatga yo‘l qo‘yilgan. Aksariyat holatlarda avtomobil salonida bo‘lgan fuqarolar jiddiy jarohat olishgan, baʼzilarining taqdiri fojiali yakunlangan.
Xulosa o‘rnida temir yo‘l hududida istiqomat qiluvchi fuqarolar hamda avtomashina haydovchilaridan kesishmalardan o‘tayotganda qoidalarga amal qilgan holda harakatlanishlari lozimligini taʼkidlaymiz. Zero, kichik eʼtiborsizligimiz, shoshmashosharligimiz yakunda fojiaga olib kelishini aslo unutmaylik.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati