“Transport to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyati tushuntirildi
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan joriy yil 9 - avgust sanasida qabul qilingan “Transport to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish ishlari davom etmoqda. Bugun Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzelida navbatdagi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Unda uzel rahbariyati va xodimlari, shuningdek, shaxobcha temir yo‘liga ega tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etishdi.
Qonunga ko‘ra, avtomobil, havo, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va transport infratuzilmasi ob’ektlari O‘zbekistonning yagona transport tizimini tashkil etadi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslar transport tashkilotlarining xo‘jalik faoliyatiga aralashishga hamda ular xodimlarini boshqa ishlarga jalb etishga haqli emas.
Transport vazirligi sohada maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Qonunga ko‘ra, transport vositalari muvofiqlik yoki transport vositasi turini ma’qullash sertifikatiga ega bo‘lishi va ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan transportlarni O‘zbekistonga olib kirish, ishlab chiqarish, sotish yoki ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Vakolatli organlar vokzalda, aerovokzalda, aeroportda, metropolitenda va avtostansiyaga kirish joyida transport vositasini, bagajni, yuk bagajini va yukni, yo‘lovchilarni va boshqa shaxslarni ko‘zdan kechirishdan o‘tkazishi mumkin.
Transport tashkilotlari va tashuvchilar faoliyati transport harakatlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan hamda mehnat sharoitlari o‘ta zararli va o‘ta og‘ir sharoitlarda band bo‘lgan xodimlarning dastlabki hamda davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilishini tashkil etishi shart.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach ya’ni 2021 yil 9 noyabrda kuchga kirgan.
Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Targ‘ibot tadbirlari Respublika bo‘ylab davom etmoqda.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati