Inspeksiyada “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi
Vazirlik va idoralarda 22 noyabrdan – 2 dekabrga qadar “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” 10 kunligi davom etmoqda. 10 kunlik doirasida joylarda seminarlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Jumladan, “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida bugun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi Oybek Abdug‘aniyev hamda inspeksiya xodimlari ishtirok etishdi.
Dastlab, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha masʼul shaxs R.Israilov yig‘ilganlarga inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha joriy etilgan “komplayens nazorat” tizimi va mazkur tizim to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berdi. Mazkur tizimning to‘laqonli va samarali ishlashi uchun qabul qilingan normativ hujjatlar va ularning mazmun-mohiyatini tushuntirdi. Shuningdek, hujjatlarning amaliyotda qo‘llash, korrupsiyagen holatlar guvohi bo‘lganda murojaat qilish tartibi haqida batafsil axborot berildi.
O.Abdug‘aniyev malakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi PQ-5177-sonli “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va unda belgilangan talablar to‘g‘risida maʼlumot berdi. Shuningdek, korrupsiyani barvaqt oldini olishda aniqlangan holatlarning oqibatlari bilangina emas, balki bunga olib kelayotgan sabablar bilan kurash muhimligi taʼkidlandi. Davlat idoralarida korrupsiyani oldini olish va bartaraf etishda ochiqlik shaffoflikni taʼminlash, raqamlashtirishni keng joriy etish orqali inson omili bilan bog‘liq jarayonlarni kamaytirish muhimligi qayd etildi.
Tadbir savol-javoblar hamda “Koplayens nazorat” tizimini takomillashtirish yuzasidan bildirilgan taklif va mulohazalar bilan yakuniga yetdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati