AOKAda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi brifingi o’tkazildi

Bugun AOKAda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Axborot xizmati boshlig‘i Firdavs Xayriddinov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlashga oid chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, nazorat qilish bo‘yicha idoralararo komissiyasining 2021 yil yanvar - noyabr oylarida amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida axborot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8-maydagi 387-sonli qaroriga muvofiq “Yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlashga oid chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, nazorat qilish bo‘yicha Idoralararo komissiya”si tashkil etilgan.

Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan Idoralararo komissiyaning asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibi belgilangan. Idoralararo komissiyaga yuqori tezlikdagi poyezdlar harakati xavfsizligi darajasini oshirishga hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirishga oid masalalar va vazifalarni hal etish doirasida kelishilgan va samarali o‘zaro hamkorligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish va amalga oshirilishini nazorat qilish yuklatilgan.

Idoralararo komissiya doimiy asosda faoliyat yuritadigan maslahatlashuv organi hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzurida tashkil qilingan. Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Idoralararo komissiyaning ishchi organi  hisoblanadi.

Idoralararo komissiyaning yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlash, hududlarni obodonlashtirish, shaharsozlik talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida 8 marotaba sayyor yig‘ilishlari o‘tkazildi.

Mazkur yig‘ilishlarda yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi holati tahlil qilindi hamda harakat xavfsizligiga xavf soluvchi qoidabuzarliklar o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarning oldini olish va bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Shuningdek, jamoat tartibini taʼminlashni nazorat qilish chora-tadbirlari amalga oshirilishi bo‘yicha bajarilgan ishlar o‘rganildi va yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalariga yaqin hududda joylashgan aholi punktlari, o‘quv muassasalari va tashkilotlarda profilaktika va tushuntirish ishlari olib borilishi doimiy nazoratga olingan.

“Afrosiyob” elektropoyezdi mashinistlari tomonidan aniqlangan 889 ta kamchiliklarning kelib chiqish sababi, ularni bartaraf etilishi hamda amalga oshirilgan ishlar sifati doimiy muhokama qilinmoqda.

Komissiya ishchi organi tomonidan yig‘ilish bayonnomalari rasmiylashtirilib, tasdiqlangan bayonnomalar Idoralararo komissiya aʼzolari, aloqador davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ijrosini taʼminlash uchun yuboriladi.

Tashkil etilgan sayyor yig‘ilishlarda Idoralararo komissiya tomonidan o‘z vakolati doirasida aniqlangan jami 248 ta kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 56 ta topshiriq va tavsiyalar berilgan.

Bundan tashqari, Idoralararo komissiya topshiriqlariga asosan:

IIV xodimlari va boshqa mutasaddi tashkilot vakillari tomonidan yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida o‘tkazilgan 3241 ta reydlarda aniqlangan jami 6214 ta qoidabuzarliklarga nisbatan qonuniy taʼsir choralari ko‘rilgan;

yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalari hududiga yaqin joylashgan aholi punktlari, o‘quv muassasalari va tashkilotlarda temir yo‘l infratuzilmasi inshootlari hamda harakatdagi tarkibga shikast yetkazmaslik, atrof-muhit va sanitariya qoidalariga rioya etish, maishiy chiqindilarni tashlamaslik va yoqmaslik, chorva mollarini boqmaslik va boshqa noxush holatlarga olib keluvchi harakatlarni sodir etmaslik yuzasidan 13785 marotaba targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari tashkil etilgan;

o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishlarda aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilinishi yuzasidan Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahar  hokimliklariga,  shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va Ichki ishlar vazirligiga tegishli topshiriqlar berilgan va ularni ijrosi nazoratga olingan.