Innovatsion g‘oyalar-2021 tanlovi davom etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va tizim tashkilotlarida “Innovatsion g‘oyalar-2021” ko‘rik-tanlovi qizg‘in davom etmoqda. Jumladan, tanlovning saralash bosqichi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida ham yuqori darajada o‘tkazildi.
Mazkur tanlovda 35 yoshgacha bo‘lgan transport sohasi mutaxassislari o‘zlarning innovatsion g‘oyalari bilan ishtirok etishmoqda. Tanlov avtomobil transporti, temir yo‘l transporti, havo transporti hamda avtomobil yo‘l xo‘jaligi yo‘nalishlarida o‘tkazilmoqda. Har bir yo‘nalishda dastlab saralash bosqichlari o‘tkazilib, unda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar vazirlik miqyosida o‘tkaziladigan final bosqichiga yo‘llanma olishadi. Tanlovni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning zamonaviy texnika va texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularda ijodiy tafakkur va yaratuvchanlik qobiliyatini rivojlantirishdan iboratdir.
Tanlovning inspeksiya doirasida o‘tkazilgan saralash bosqichida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sherzod Nabiyev tomonidan taqdim etilgan “Xavfni tahlil etish va raqamli nazorat axborot tizimi” loyihasi komissiya aʼzolari tomonidan ijobiy baholanib, bir ovozdan maʼqullandi va keyingi bosqichga tavsiya etildi. Loyihaning maqsadi – “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi va uning hududiy filiallari tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarning tashkiliy jihatlari va tartib-taomillarini kompleks tartibga solish, inspeksiya faoliyatining shaffofligini taʼminlash va o‘tkaziladigan tekshiruvlarning asosliligini xolis baholash imkonini yaratish. “Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish” yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazib, vakolatli organ ruxsati bilan o‘tkaziladigan tekshiruvlar uchun «Xavfni tahlil etish va raqamli nazorat» tizimi asosida xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tanlab olish tartibini raqamlashtirishdan iborat.
Tanlovning hal qiluvchi bosqichi joriy yil dekabr oyida Toshkent davlat transport universitetida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati