Korrupsiya - rivojlanishimizga to‘siq

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida 22 - noyabrdan – 2 - dekabrga qadar “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” 10 kunligi doirasida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan shaxobcha temir yo‘liga ega tadbirkorlik subyektlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda va inspeksiyada mazkur illatni bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot berildi. Shuningdek, “Transport to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyati va temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini taʼminlashda nimalarga eʼtibor qaratish lozimligi to‘g‘risida  so‘z yuritildi.

Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha joriy etilgan “komplayens nazorat” tizimi va mazkur tizim to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berildi. Ushbu tizimning samarali ishlashida fuqarolarning, jumladan tadbirkorlik subyektlari vakillarining ham bevosita ishtiroki muhimligi taʼkidlandi. korrupsion holatga duch kelganda yoki boshqa qonunbuzarliklar to‘g‘risida axborotga ega bo‘lganda inspeksiya va vakolatli organlarga murojaat qilish tartiblari tushuntirildi. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, ishonch telefonlari hamda tashkilotning telegramdagi qayta aloqa bot manzillari to‘g‘risida axborot berildi

Joriy yil 9 - noyabr sanasidan kuchga kirgan “Transport to‘g‘risida”gi qonun va mazkur qonun talablari haqida yig‘ilganlarga batafsil tushuntirildi. Qonunga ko‘ra, avtomobil, havo, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va transport infratuzilmasi obyektlari O‘zbekistonning yagona transport tizimini tashkil etadi. Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan transportlarni O‘zbekistonga olib kirish, ishlab chiqarish, sotish yoki ulardan foydalanish taqiqlanadi. Vakolatli organlar vokzalda, aerovokzalda, aeroportda, metropolitenda va avtostansiyaga kirish joyida transport vositasini, bagajni, yuk bagajini va yukni, yo‘lovchilarni va boshqa shaxslarni ko‘zdan kechirishdan o‘tkazishi mumkin.

Tadbirda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining asosiy vazifalaridan bo‘lmish temir yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash, turli qoidabuzarliklarni oldini olish maqsadida joriy yilning ortda qolgan davri davomida amalga oshirilgan ishlar, galdagi vazifalar, yutuq va kamchiliklar tahlil qilindi. Ishtirokchilardan tushgan savollarga batafsil javob berildi.

O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati