Joriy yil davomida qancha profilaktik tadbirlar o‘tkazildi?
Joriy yilning 10 oyi davomida inspeksiya xodimlari tomonidan faoliyati temir yo‘l transporti bilan bog‘liq bo‘lgan 190 ta korxonada tekshirishlar o‘tkazilgan bo‘lib, nazorat tadbirlarida 10770 ta kamchiliklar aniqlangan. Tekshirishlar davomida, temir yo‘llarda tashishlar tashkiliy-texnik chora-tadbirlari, poyezdlar harakati xavfsizligini tartibga soluvchi normativ hujjatlarning mavjudligi, xodimlarning sifat tarkibi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Nazorat tadbirlari bilan birgalikda profilaktik tadbirlar ham muntazam tashkil etilmoqda. Hisobot davrida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda vazirlik va idoralarning temir yo‘llarida poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan 4553 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirlarda faoliyati temir yo‘llarda tashishlar jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan 25973 nafar xodim ishtirok etdi. O‘tkazilgan profilaktika ishlari natijasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda vazirliklar va idoralar yo‘llarida temiryo‘l, harakatdagi tarkib, elektr taʼminoti, signalizatsiya va aloqa qurilmalari va boshqa texnik vositalaridan foydalanish va ularni saqlashda belgilangan meʼyorlardan cheklanishlar va turli nosozliklar tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ishtirokchilarga temir yo‘l transport sohasidagi qonun va qonunosti hujjatlar mazmun-mohiyati tushuntirildi va amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalaridagi tezyurar va yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlari harakati xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yuqori tezlikdagi Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalarida joriy yilning 10 oyi davomida 2386 nafar xodim ishtirokidagi 653 ta seminar-yig‘ilish va profilaktika tadbirlari amalga oshirildi hamda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy kamchilik va nuqsonlar oldi olindi.
Avtomashina haydovchilari aybi bilan temir yo‘l kesishmalarida yuz berayotgan harakatdagi tarkibning avtotransport vositasi bilan to‘qnashuvlari poyezdlar va avtotransport vositalari harakati xavfsizligiga haqiqiy xavf tug‘dirmoqda. 2021 yilning 10 oyi davomida temir yo‘l kesishmalarida poyezdlar va avtomashinalarning to‘qnashuvlari bo‘yicha 35 ta holatga yo‘l qo‘yilgan. To‘qnashuvlar natijasida 2021 yil 4 nafar kishi halok bo‘lgan.
Shu o‘rinda temir yo‘l atrofida yashovchi aholidan va barcha haydovchilardan temir yo‘l kesishmalaridan o‘tayotganda shoshmashosharlikka berilmay, qoidalarga rioya etgan holda belgilangan joylardan o‘tishlarini so‘rab qolamiz.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati