Jamoatchilik kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi
Jamoatchilik kengashining rejasiga muvofiq inspeksiya tomonidan joriy yilning 10 oyi davomida amalga oshirilgan nazorat va profilaktik tadbirlar muhokama qilindi. Dastlab, Jamoatchilik kengashi kotibi F.Xayriddinov joriy yilning 10 oyi davomida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish va profilaktik tadbirlar davomida qilingan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi. Hisobot davrida jami 190 ta tekshirish o‘tkazilgan bo‘lib unda temir yo‘llarda tashishlar tashkiliy-texnik chora-tadbirlari, poyezdlar harakati xavfsizligini tartibga soluvchi normativ hujjatlarning mavjudligi, xodimlarning sifat tarkibi masalalariga alohida eʼtibor qaratilganligi taʼkidlandi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda vazirlik va idoralarning temir yo‘llarida poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan 4553 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib faoliyati temir yo‘llarda tashish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan 25973 nafar xodim ishtirok etgani maʼlum qilindi.
Kengash aʼzolari 10 oy davomida amalga oshirilgan ishlarni ko‘rib chiqib, ijobiy baholashdi. Shuningdek, bu boradagi ishlarni takomillashtirish borasida o‘z tavsiyalarini berishdi.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyati samaradorlik reyting baholash metodikasi” kengash aʼzolari tomonidan o‘rganib chiqildi va inspeksiya Jamoatchilik kengashi faoliyatiga tatbiq etish maqsadga muvofiq ekanligi tavsiya etildi.
Jamoatchilik kengashi tarkibi aʼzoligiga qo‘shilish uchun tavsiya etilgan A.Narxodjayev va E.Krivoruchkorlar nomzodlari bir ovozdan maʼqullandi va aʼzolikka qabul qilinishdi.
Jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisida inspeksiyaning jismoniy va yuridik shaxs vakillarining murojaatlari bilan ishlash holati ko‘rib chiqiladi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati