“Transport to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyati tushuntirildi

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan joriy yilning 9 avgust sanasida qabul qilingan “Transport to‘g‘risida”gi qonun mazmun mohiyatiga bag‘ishlangan manzilli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli rahbariyati va xodimlari, shuningdek, shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirokida tashkil etilgan seminarda qabul qilingan qonun to‘g‘risida batafsil axborot berildi.

Qonunga ko‘ra, avtomobil, havo, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va transport infratuzilmasi obyektlari O‘zbekistonning yagona transport tizimini tashkil etadi.

Davlat organlari va mansabdor shaxslar transport tashkilotlarining xo‘jalik faoliyatiga aralashishga hamda ular xodimlarini boshqa ishlarga jalb etishga haqli emas.

Transport vazirligi sohada maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan transportlarni O‘zbekistonga olib kirish, ishlab chiqarish, sotish yoki ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Vakolatli organlar vokzalda, aerovokzalda, aeroportda, metropolitenda va avtostansiyaga kirish joyida transport vositasini, bagajni, yuk bagajini va yukni, yo‘lovchilarni va boshqa shaxslarni ko‘zdan kechirishdan o‘tkazishi mumkin.

Shuningdek, transport tashkilotlari va tashuvchilar faoliyati transport harakatlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan hamda mehnat sharoitlari o‘ta zararli va o‘ta og‘ir sharoitlarda band bo‘lgan xodimlarning dastlabki hamda davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilishini tashkil etishi shart. Shu va qonunda nazarda tutilgan boshqa maʼlumotlar, ularning amaliyotda qo‘llanishi yig‘ilganlarga tushuntirildi.

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach, yaʼni 9 noyabrdan kuchga kiradi.

Tadbir davomida ishtirokchilar mutasaddilarga o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollar bilan murojaat qilishdi hamda aniq va asosli javoblar olishdi. Targ‘ibot tadbirlari inspeksiyaning qolgan filiallarida davom ettiriladi.  

O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati