Profilaktik tadbirlarda 2000 nafardan ziyod temiryo‘lchilar ishtirok etishdi
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlari tomonidan 2021-yilning avgust oyida jami 15 ta korxona va tashkilotlarda tekshiruvlar o‘tkazildi. Nazorat tadbirlari davomida, temir yo‘llarda tashishlar tashkiliy-texnik chora-tadbirlari, poyezdlar harakati xavfsizligini tartibga soluvchi normativ hujjatlarning mavjudligiga alohida eʼtibor qaratildi. Tekshirishlar natijasida jami 700 ta kamchiliklar aniqlandi.
Shuningdek, joriy oy davomida inspeksiya markaziy apparati va hududiy filiallari tomonidan temir yo‘llarda tashishlar xavfsizligi sohasiga oid normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan profilaktika tadbirlari amalga oshirildi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda vazirlik va idoralarning temir yo‘llarida poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan 472 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirlarda faoliyati temir yo‘llarda tashishlar jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan 2000 nafardan ziyod xodim ishtirok etdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalaridagi tezyurar va yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlari harakati xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yuqori tezlikdagi Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalarida 1031 nafar xodim ishtirokidagi 163 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.
Tizimli ravishda olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida sanoat korxonalari shoxobcha temir yo‘llarida oy davomida temir yo‘l tashishlari xavfsizligi buzilishlariga yo‘l qo‘yilmadi. O‘tgan yilning shu davrida xavfsizlik buzilish holatlari 3 tani tashkil etgan.
2021-yilning avgust oyida temir yo‘l kesishmalarida harakatdagi tarkibning avtomashina bilan to‘qnashuvlari bo‘yicha 3 ta holatga qayd etilgan va buning oqibatida 1 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Shuningdek, inspeksiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Muhofaza zonalari va ajratilgan mintaqa chegaralarida temir yo‘l transporti yerlarini belgilash va ulardan foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga kiritildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati