Inspeksiyaga 6 oyda nechta murojaat kelib tushdi?

 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasiga 2021-yilning yarim yilligida jami 176 ta murojaat kelib tushgan. Barcha murojaatlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida o‘rganib chiqilib, o‘z muddatida qanoatlantirilgan yoki idoraviy mansubligi bo‘yicha boshqa tashkilotga yo‘llangan.  

Murojaatlarning 165 tasi bevosita inspeksiyaga kelib tushgan murojaatlar bo‘lsa, yana 11 tasi Virtual qabulxona orqali kelgan. Kelib tushgan murojaatlar orasida inspeksiya vakolatiga tegishli bo‘lmaganlari ham mavjud bo‘lib ular tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan. Jumladan, Virtual qabulxona orqali kelgan 11 ta murojaatdan 8 tasi boshqa tashkilotlarga yuborilgan va bu haqda murojaatchiga o‘z vaqtida yozma ravishda maʼlum qilingan. Qolgan 3 ta murojaatda ko‘tarilgan masalalarga tushuntirish berilgan.

Inspeksiyaga kelib tushgan 165 ta murojaatdan 96 tasi qanoatlantirilgan. 69 ta murojaatchiga batafsil va aniq tushuntirish berilgan. Hisobot davri davomida rad etilgan, ko‘rmasdan qoldirilgan murojaatlar mavjud emas.

Inspeksiya va uning filiallarida murojaatlar bilan ishlash tizimini yaxshilash, tizimli muammolarni hal etish bo‘yicha 6 marotaba o‘rganish va 5 ta seminarlar o‘tkazilgan.

Aholi bilan ko‘proq bevosita muloqotga kirishish, uchrashuvlar tashkil etish, sayyor qabullar sonini oshirish murojaatlar, shuningdek takroriy murojaatlarni kamaytirish bilan birga murojaatchining masalasi tezroq ijobiy yechim topishiga zamin yaratadi. Shu maqsadlarni ko‘zlagan holda hududiy filiallarda shaxobcha temir yo‘liga ega tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirokida 4 ta sayyor uchrashuvlar o‘tkazilgan. Tadbirlarda ko‘tarilgan ko‘plab masalalar joyida hal etilgan hamda muammoli holatlarni bartaraf etish uchun mutasaddi xodimlarga tegishli tavsiyalar berilgan.

 

O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati