Navoiyda sayyor qabul o'tkazildi
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Buxoro filiali boshlig‘ining Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli unitar korxonasiga qarashli Navoiy temir yo‘l stansiyasi majlislar zalida shaxobcha temir yo‘liga ega tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirokida sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Tadbirda temir yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash borasida vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tushuntirish berildi hamda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi.
Jumladan, sayyor qabul davomida “Tabiatan beg‘ubor” MCHJ vakili S.Samadov o‘ziga qarashli shaxobcha temir yo‘lining bo‘ylama profilini o‘lchash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha bergan savol bilan murojaat qildi va amaldagi tartibga asosan asoslantirilgan javob berildi. Shuningdek “Navoiy temir yo‘l transporti” davlat unitar korxonasi direktor o‘rinbosari S.Gafarov shaxobcha temir yo‘lini zaxiraga olish va yangi temir yo‘lini qurish bo‘yicha bergan savoliga javob oldi.
Navoiy viloyati hududidagi shaxobcha temir yo‘liga ega tadbirkorlar va korxona rahbarlaridan o‘zlariga qarashli shoxobcha temir yo‘llarida poyezdlar harakati xavfsizligini va xavfsiz manyovr ishlarini tashkil qilinishini taʼminlashlari uchun “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan vakolat doirasida yordam berilish va ularni qiynayotgan muammolari bartaraf etish choralari ko‘rilishi taʼkidlandi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati