18 noyabr - O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun
Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Boisi ularda Vatanning surati, xalqning o‘tmishi, buguni va istiqboli namoyon bo‘ladi. Ulardan biri Davlat bayrog‘idir.
Transport nazorati inspeksiyasida tashkil etilgan tadbirga taklif etilgan Toshkent davlat yuridik universiteti Davlat va huquq nazariyasi kafedrasi katta o'qituvchilari Maksudboy Sadikov va Johongir Qurbanovlar Davlat bayrog‘i va boshqa Davlat ramzlari haqida batafsil ma’lumot berishdi.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunida Bayrog‘imiz mamlakatimiz suverenitetining ramzi ekanligi, xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘lishi e’tirof etilgan. Hozir u jahonning turli nuqtalarida mag‘rur hilpirab turibdi. Sportchilarimizning yurtimiz sharafini jahon arenalarida munosib himoya qilib, g‘oliblik shohsupasida ko‘tarilib turganida bayrog‘imizning baland ko‘tarilishi qalbimizga faxr-iftixor tuyg‘ularini baxsh etadi, ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tarishi rost.
Bayrog‘imizdagi ranglar, yarim oy va yulduzlar tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan chambarchas bog‘liqligi, chinakam ma’noda, xalqimizning asriy madaniyati, urf-odatlari va pok islom dinining umuminsoniy g‘oyalarini o‘zida mujassamlashtirganligi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamiz tarixi, uning har birimiz hayotimizda tutgan beqiyos o‘rni hamda Davlat Madhiyasi haqida yig‘ilganlar qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Konstitutsiyamizning yangi normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Yangi tahrirdagi Asosiy Qonunning qabul qilinishi bilan bu borada yanada mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asos yaratilib, Yangi O‘zbekiston o‘zining ushbu sohalardagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.
Madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchi ekanligi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, unda xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangani bildirildi. Ochiq muloqot tarzida kechgan tadbirda inspeksiya xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan qator savollarga javob olishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan Transport nazorati inspeksiyasi barcha hamyurtlarimizni muborakbod etadi!
Transport nazorati inspeksiyasi
Axborot xizmati