Idoralararo komissiyaning sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi

“Toshkent-Samarqand-Buxoro” yuqori tezlikda harakatlanish temir yo‘l uchastkasida harakat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaning galdagi sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari A.Abduraxmanov boshchilik qildi. Sayyor yig‘ilish vagonlar jamlanmasi yordamida Toshkent shimoliy vokzalidan belgilangan jadval asosida harakatlandi.

Komissiya sayyor yig‘ilishi “Toshkent-Samarqand-Buxoro” yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkasida harakat xavfsizligini taʼminlashda olib borilayotgan ishlarning bajarilishi va muammolarni o‘rganish dasturiga asosan monitoring o‘tkazildi.  

  Sayyor yig‘ilishda bir qator masalalar yuzasidan tashkilotlarning maʼlumotlari tinglandi. “Toshkent-Samarqand” uchastkasida kuzatuv kameralarni tizimli ishlashini taʼminlashda amalga oshirilgan ishlar, shu bilan birga “Afrosiyob” elektropoyezdining o‘tishi vaqtida temir yo‘l kesishmalariga qo‘shimcha xodimlarni ajratish yuzasidan mutasaddilar hisobot berishdi. Shuningdek, aprel-may oylarida temir yo‘l kesishmalarida o‘tkazilgan bahorgi ko‘rikda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.  

Sayyor yig‘ilishda bir qator kamchiliklar aniqlandi va ularni bartaraf etish yuzasidan hokimliklar va tegishli tashkilotlarga tavsiyalar berildi. Jumladan,  mutasaddi tashkilotga yuqori tezlikda harakatlanish temir yo‘l uchastkalarida joylashgan temir yo‘l kesishmalarida o‘tish qoidalarini buzayotgan haydovchilarga nisbatan qatʼiy choralar ko‘rish, qoidabuzarliklar ko‘p marotaba sodir etilayotgan joylarda reydlarni o‘tkazish hamda ularni ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda yoritib borish tavsiya qilindi.

 “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati