“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi markaziy apparati va filiallari inspektorlari tasdiqlangan reja asosida profilaktik tadbirlarni davom ettirishmoqda. Jumladan, Buxoro filiali tashishlar xo‘jaligi bo‘yicha bosh inspektori boshchiligida “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli “Qiziltepa” temir yo‘l stansiyasida mazkur stansiya ishchi xodimlari ishtirokida poyezdlar harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan seminar o‘tkazildi.
Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va shaxobcha temir yo‘llariga ega tadbirkorlik subyektlari kesimida 2020 va 2021 yillar mobaynida harakat xavfsizligini buzilish holatlari tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar takrorlanmasligi uchun nimalarga eʼtibor qaratishlari lozimligi hamda normativ hujjatlarning mazmun mohiyati tushuntirildi. Ayniqsa, stansiyaning poyezd tuzuvchilari va mashinistlariga shaxobcha temir yo‘llarida manyovr ishlarini olib borishda temir yo‘llarning texnik holatiga ahamiyat berishlari zarurligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari ushbu stansiyadan yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi harakatlanishini inobatga olgan holda stansiya navbatchilari bilan qo‘shimcha tushuntirish ishlari o‘tkazildi. Jumladan, navbatchilarga “Afrosiyob” elektropoyezdini qabul qilish va jo‘natish ishlarini o‘zlariga yuklatilgan vazifalari belgilangan yo‘riqnomalar asosida tashkil etishlari yuzasidan muhim tavsiyalar berildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati