Shaxmat kunida faxriylar va yoshlar uchrashuvi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shaxmatni yurtimizda yana-da rivojlantirishda va ommaviyligini oshishida muhim ahamiyat kasb etdi. Qarorga muvofiq mazkur sport turini 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi, maqsadli ko‘rsatkichlari va davlat dasturini 2021 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Bugungi kunda shaxmatni ommalashtirish bo`yicha nafaqat mahallalar va ta`lim muassasalarida balki vazirlik va idoralarda, turli tashkilotlarda ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlari orasida muntazam ravishda musobaqalar tashkil etilmoqda. Ichki bellashuvlarda ijobiy natija qayd etganlar o‘z imkoniyatlarini kattaroq turnirlarda sinab ko‘rishmoqda. Shaxmat federatsiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan musobaqalarda inspeksiya xodimlari U.G‘oziyev va X.Botirovlar munosib ishtirok etishdi.
Joriy yilning aprel oyida inspeksiya markaziy apparatida o‘tkazilgan “Shaxmat kuni” qiziqarli va shu bilan birga murosasiz o‘yinlarga boy bo‘lgani bilan esda qoldi. Shaxmat va shashkada kuch sinashgan xodimlar orasida yuqori o‘rinlarni band etganlar kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan munosib taqdirlanishdi.
O‘tgan hafta inspeksiyada tashkil etilgan navbatdagi turnirda faxriy temiryo‘lchilar ham jalb etildi. Musobaqada inspeksiya tizimida uzoq yillar ishlab pensiyaga chiqqan faxriylar yoshlarni o‘ziga xos “imtihondan” o‘tkazishdi. Bellashuvlar bahona qiziqarli voqealar ham esga olindi. Yoshi kata avlod vakillari yosh xodimlarga bugungi kunda ularga yaratib berilayotgan sharoitlardan unumli foydalangan holda bor imkoniyatlarini o‘qishga, ishga safarbar qilishlari lozimligi to‘g‘risida muhim tavsiyalar berishdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati