Temir yo‘llarda harakat xavfsizligiga amal qiling
Maʼlumki temir yo‘l transporti vositalari va poyezdlar harakatining xavfsizligini taʼminlash juda muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Chunki birgina noto‘g‘ri harakat yoki eʼtiborsizlik natijasi fojiali yakunlanishi mumkin.
Ana shunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida joriy yilning fevral oyida inspeksiyaning Qashqadaryo filial boshlig‘i va xodimlari tomonidan joylarda 68 marotaba profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Unda jami 425 nafar temiryo‘l sohasi vakillari ishtirok etishdi.
Shuningdek, viloyat IIB YHX boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda temir yo‘l kesishmalari va temir yo‘l atrofida yashovchi aholi o‘rtasida seminarlar tashkil etildi. Unda sodir etilayotgan qoidabuzarliklar va ularning oqibatida ro‘y berayotgan ayanchli yo‘l-transport hodisalari chuqur tahlil qilindi va mazkur salbiy holatlar takrorlanmasligi uchun tushuntirishlar berildi. O‘zbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari asosida temir yo‘llarda fuqarolarning beparvolik oqibatida sodir etgan qilmishlari va temir yo‘l transport tizimining benuqson harakatlanishiga keltirgan ziyonlari uchun jarimalar belgilanganligi maʼlum qilindi. Bu kabi tushuntirish ishlari 8 ta mahalla va 7 ta taʼlim muassasasida davom ettirildi.
Har birimiz xizmat vazifamizdan hamda fuqarolik burchimizdan kelib chiqib, istiqomat qilayotgan hududimizdan o‘tuvchi temir yo‘lda harakat xavfsizligini taʼminlashda masʼuliyatimizni oshirishimiz zarur.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati