Til bayramiga yuqori suratda tayyorgarlik olib borilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tashabbusi bilan Toshkent davlat transport universitetida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash va sohada bu borada amalga oshirilayotgan ishlar holatini muhokama etish, shuningdek, “O‘zbek tili bayrami” kuniga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari va OAV xodimlari ishtirok etishdi. Hududlardagi korxonalar mutasaddilari esa onlayn qatnashish imkoniga ega bo‘lishdi.
Tadbirni transport vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilorom Jalolova olib bordi. Yig‘ilishda transport tizimi tashkilotlarining mutasaddi xodimlariga tashkilotlarning ish qog‘ozlaridan tortib avtotransport obyektlaridagi peshlavhalar, eʼlonlar va transport vositalaridagi yozuvlar davlat tilida xatosiz bo‘lishi lozimligi to‘g‘risida tushuntirish berildi. Shuningdek, sohada davlat tilining ahamiyati naqadar muhim ekanini taʼkidlab, zamonaviy transport atamalarining o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanilishini taʼminlash zarurligi aytib o‘tildi.
Jamoat transporti xizmatidan minglab kishi foydalanishini eʼtiborga olib, metropoliten stansiyalari va vagonlarida, respublikamiz aeroportlari yo‘lovchi terminallarida, avtovokzallarda O‘zbek tili bayrami arafasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan birgalikda Davlat tili targ‘ibotiga bag‘ishlangan ijtimoiy roliklar namoyishi tashkil etilgani yig‘ilish ishtirokchilari eʼtiboriga yetkazildi va kelgusida bu kabi ishlarni davom ettirish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi va fikr almashildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan yangidan nashr etilgan “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasi va “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” taqdimoti o‘tkazildi. Bunda, so‘zga chiqqanlar ushbu qo‘llanma va lug‘at bayram arafasida ular uchun eng yaxshi tuhfa bo‘lganini eʼtirof etib, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarini yana-da takomillashtirishi haqida so‘z yuritdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasi tarqatildi. Toshkent davlat transport universiteti kutubxonasiga “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi sovg‘a qilindi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati