“Siz tadbirkor uchun nima qildingiz” aksiyasi davom etadi
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi hududiy filiallarida “Siz tadbirkor uchun nima qildingiz” aksiyasi doirasida tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan sayyor uchrashuvlar davom etmoqda. Qarshi temir yo‘l uzelida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirda inspeksiya xodimlari va shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Yig‘ilganlarga temir yo‘l va transport sohasidagi qonun hujjatlari mazmun mohiyati va ulardagi so‘nggi yangiliklar borasida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, transport vazirligi tashkil etilganligi munosabati bilan sohadagi va normativ huquqiy hujjatlardagi o‘zgarishlar to‘g‘risida va ularni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha to‘xtalib o‘tildi. Tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatlariga noqonuniy aralashuvlar va tekshirishlarga yo‘l qo‘yilmasligi va bu boradagi qonunchilikda belgilangan jazo choralari yana bir bor eslatib o‘tildi.
Inspeksiyaning Qarshi filiali rahbari O.Qurbonazarov temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlanishini nazorat qilish borasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yuzasidan tushuntirishlar berdi.
Harakat xavfsizligini ta’minlashda jamoatchilik nazorat nihoyatda muhim ekanligi va bu borada har bir fuqarodan mas’uliyatni oshirish talab etilishi ta’kidlandi. Temir yo‘l kesishmalaridagi kichik e’tiborsizliklar natijasida sodir bo‘layotgan ko‘ngilsiz holatlar sabab va oqibatlariga e’tibor qaratildi.
Tadbirkorlik sub’ektlari vakillari mutasaddilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi hamda batafsil javob olishdi.
Firdavs Xayriddinov –
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining
matbuot kotibi – axborot siyosati masalalar
bo‘yicha maslahatchisi