Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari muhokama qilindi

Transport nazorati inspeksiyasi huzuridagi Jamoatchilik kengashining joriy yildagi dastlabki yig‘ilishi yangi a’zolarni tanishtirish bilan boshlandi. Transport sohasida samarali mehnat qilayotgan, inspeksiyada va boshqa tashkilotlarda faolligi bilan ajralib turgan bir guruh yangi a’zolar Kengash tarkibiga qo‘shilishdi. Jamoatchilik kengashi tarkibida ikkita – avtomobil tashuvlari va yo‘l qurilishi bo‘yicha ishchi (ekspert) guruhlar tashkil etilgani ma’lum qilindi. Mazkur ishchi guruhlar inspeksiyada olib borilayotgan ishlarni kuzatib, joyiga chiqib o‘rganib, faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha takliflarini berib borishadi.

Kun tartibidagi dastlabki masala yuzasidan inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ul shaxs – O‘ktam Ochilov so‘zga chiqib, amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Dastavval, joriy oy – aprelda mamlakatimizda “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi”ga start berilgani va oylik doirasida belgilangan vazifalar va ularning amalga oshirilishi yuzasidan to‘xtalib o‘tdi.

Inspeksiyada raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini keng qo‘llash hamda inson omilini kamaytirish orqali sohada korrupsiyaga qarshi kurashish choralari ko‘rilmoqda.

2024-yilda 4 ta axborot tizimi ishlab chiqildi, barcha inspektorlarga B 81 modelidagi yangi avlod planshet qurilmalari xarid qilindi.
Inspeksiyadagi mavjud shtat birliklarida faoliyat yuritayotgan barcha boshqaruv xodimlari har yillik manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiyalash tartib-taomilidan o‘tkazildi.

Bu orqali inspeksiya tizimidagi manfaatlar to‘qnashuvi holatlari bartaraf qilindi. Bu bo‘yicha ishlar tizimli davom ettirilmoqda.

Amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida a’zolar va inspeksiya xodimlari o‘zlarining fikr-mulohazalari va savollari bilan ishtirok etishdi.

Jamoatchilik kengashi vakillari inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini ijobiy baholab, raqamlashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berishdi.

 

Transport nazorati inspeksiyasi
Axborot xizmati