Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalar haqida davra suhbati
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar haqida davra suhbati
Bugun, 19 yanvar kuni “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini, undagi ustuvor vazifalarini inspeksiya xodimlariga tushuntirish maqsadida Toshkent kimyo-texnologiya instituti dekan muovini Urazov Feruz Baxtiyor o‘g‘li ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda inspeksiya markaziy apparati, hududiy filiallari va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashishdi.
Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor vazifalarga batafsil to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishdagi yangi vazifalar, qonun ustuvorligini taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotda bozor mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida so‘z yuritildi. Shuningdek, ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida belgilangan vazifalar xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni taʼminlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar to‘g‘risida batafsil tushuntirildi.
Murojaatnomada qonun ustuvorligini taʼminlash va uning huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy va tashkiliy asoslarini yana-da kuchaytirishga qaratilgan ilg‘or g‘oyalar ilgari surildi, - deydi F.Urazov. Avvalo, qonun ustuvorligi nima va u qanday taʼminlanadi degan savolga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. Konstitutsiya va qonun ustuvorligi davlat va uning organlari, mansabdor shaxslar, barcha nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq faoliyat olib borishini anglatadi. Mazkur talablarga to‘liq rioya etish mamlakatda adolat va tenglik, taraqqiyot va barqarorlik, tinchlik va bunyodkorlik ruhi hukm surishiga olib keladi. Shu sababli, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash davlatimizni rivojlantirishning bosh mezoni sifatida belgilab olingan.
Tadbir yakunida mavzu yuzasidan videorolik namoyish etildi. Video-konferens-aloqa tarzida o‘tgan tadbirda inspeksiya xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollariga javob olishdi.
Firdavs Xayriddinov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati boshlig‘i