Milliy tashuvchilar bilan ochiq muloqot

Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Jamshid Karimov rahbarligida avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi milliy tashuvchilar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida xalqaro yuk tashuvlari jarayonida milliy tashuvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatida duch kelayotgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi.

Jumladan, haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya qilishlarini nazorat qilishda avtomobil yo‘llaridagi mavjud infratuzilmani yanada yaxshilash lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, “Qamchiq” dovonidan o‘tib Toshkent viloyatiga kirib kelayotgan va xalqaro yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi transport vositalarining belgilangan vazn va hajm parametrlariga qo‘yilgan talablarni qat’iy nazoratga olish, bunda qayta jihozlangan avtotransport vositalariga alohida e’tibor qaratish yuzasidan mas’ullarga topshiriq berildi.

Bu kabi uchrashuvlar muntazam tashkil etilishi belgilandi.

 

Transport nazorati inspeksiyasi
Axborot xizmati