Kelajak uchun barchamiz javobgarmiz!
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida Ekoharakat Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi, Ekopartiya Toshkent shahar partiya tashkiloti hamkorligida “Kelajak uchun barchamiz javobgarmiz” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda yig‘iliganlarga partiyaning maqsad va vazifalari borasida batafsil ma’lumot berildi.
Joriy yilning dekabr oyida mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar saylovi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2019 - yil 22 - dekabrni - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kuni deb belgiladi. Bugungi kunda barcha siyosiy partiyalar qatorida saylovlarda ilk bora ishtirok etayotgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi ham o‘zining targ‘ibot tashviqot tadbirlarini o‘tkazmoqda.
Mamlakatda atrof muhitni holatini yaxshilash va ekologik muammolarni yaxlit holda hal etishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishni o‘z oldiga asosiy vazifalardan qilib belgilagan Ekologik partiya faollari dasturiy vazifalari borasida to‘xtalib o‘tdilar.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Ekologik partiya o‘zining safi tobora ortib borayotgan ko‘pming sonli a’zolari bilan birgalikda ekologiya va sog‘liqni saqlash sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish, aholining ekologik xavfsizligini ta’minlash hamda ekologik va sanitariya me’yorlariga rioya etish bo‘yicha mas’uliyatni kuchaytirish, mamlakatda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishga ko‘maklashish kabi bir qancha muhim masalalarni ijobiy hal qilishga kirishgan.
Atrof muhit muhofazasi davlat, jamiyat va har bir fuqaroning asosiy vazifasi bo‘lishga erishish barchamizning asosiy maqsadimiz sanaladi, - deydi Toshkent shahar Ekopartiya tashkiloti raisi L.Kabuljanova. Bu borada ma’lum ishlar qilinmoqda va bu jarayon saylovlardan so‘ng yanada keng quloch yozadi. Biz kelajak avlodga toza ekologik sharoitni taqdim etishimiz shart. Bu borada har birimiz mas’ulligimizni chuqur his qilishimiz lozim. Partiyamizning asosiy yo‘nalishi ham shu maqsadlarni o‘zida ifoda etadi.
Tadbirda partiya tashkilotiga a’zolik haqida ham ma’lumot berildi. Pensionerlar, talabalarga berilgan imtiyozlar va a’zo bo‘lish talablari bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Yakunda Ekopartiyaga ixtiyoriy asosda a’zolikka o‘tmoqchi bo‘lgan inspeksiya xodimlari partiya a’zoligiga qabul qilindi.
Firdavs Xayriddinov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining
matbuot kotibi-axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi