Burchimizni unutmaylik!
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inpeksiyasi tomonidan temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlari muntazam ravishda amalga oshirilmoqda. Xavfsizlikni ta’minlash orqali yurtdoshlarimizni hayoti va sog‘lig‘ini saqlash barobarida, mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini ham oshirishga erishamiz. Shu bois bu boradagi ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, profilaktik tadbirlar bilan yanada mustahkamlanyapti.
Inspeksiyaning Qashqadaryo filiali tomonidan ham joriy yilning aprel, may va iyun oylarida temir yo‘llarda xavfsizlikni taminlash maqsadida filial boshlig‘i va xodimlari tomonidan 118 marotaba profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. 600 nafarga yaqin fuqarolar ishtirok etgan tadbirlarda xavfsizlik talablari yana bir bor eslab o‘tildi va ularga rioya qilmaslik qanday fojealarga olib kelayotgani hayotiy misollar yordamida tahlil qilindi.
Joriy yilning iyun oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati boshqarmasi bilan hamkorlikda 24 ta mahalla va 9 ta avtoturargohlarda ham mahalliy aholi o‘rtasida poyezdlarga tosh otmaslik, temir yo‘l to‘siqlarini sindirmaslik, atrof muhitni ifloslantirmaslik, temir yo‘l hududidan o‘tayotgan paytda uyali aloqa vositasidan foydalanmaslik, temir yo‘l relslariga tosh qo‘ymaslik, hududda chorva mollarini boqmaslik kabi qoidalar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Xizmat vazifamizdan hamda fuqarolik burchimizdan kelib chiqib, har bir tuman, shahar va mahalla hududidan o‘tuvchi temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashda o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.
Olim Qurbonazarov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Qashqadaryo filiali boshlig‘i