Idoralararo komissiya yig‘ilishida muhim masalalar muhokama qilindi

 

“Toshkent-Samarqand-Qarshi” yuqori tezlikda harakatlanish temir yo‘l uchastkasida harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaning navbatdagi sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda muqaddam qabul qilingan qarorlar hamda Transport vaziri tomonidan tasdiqlangan yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini ta’minlash, hududlarni obodonlashtirish, shaharsozlik talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida belgilangan topshiriqlarning ijrosi muhokama qilindi.

Yig‘ilishga raislik qiluvchi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Abduraxmanov Idoralararo komissiya qarorlarining ayrim bandlarini belgilangan muddatda to‘liq bajarilmaganligini bildirib, mas’ul xodimlarning o‘z xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishlari lozimligini ta’kidlab o‘tdi. 

“Afrosiyob” elektropoezdi mashinistlari tomonidan mashinistlar kamchiliklarini qayd etish kitobida ko‘rsatilgan holatlar va kamchiliklarni o‘z vaqtida sifatli bartaraf etish yuzasidan may oyi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinganda, qator kamchiliklar aniqlanganligi aytib o‘tildi.

Yuqori tezlikda harakatlanish temir yo‘l uchastkalarida joylashgan temir yo‘l kesishmalarida o‘tish qoidalarini buzayotgan haydovchilarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish, qoidabuzarliklar ko‘p marotaba sodir etilayotgan joylarda reyd tadbirlarini o‘tkazish hamda ularni ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda yoritib borish bo‘yicha tavsiya berildi.

Shuningdek, yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan mustahkam hamkorlikda maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida ta’sirchan tizimni tashkil etish lozimligi ta’kidlandi.

Kun tartibidagi masalalar, shu bilan birga sayyor yig‘ilish davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan vazirlik, hokimlik hamda tashkilot vakillarining fikr va mulohazalari muhokama qilinib, ularni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat”
inspeksiyasi