Inspeksiya va hududiy bo‘linmalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi

hududiy va tarkibiy bo‘linmalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash

USLUBIYOTI

1 bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur uslubiyot O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi hududiy va tarkibiy bo‘linmalariga (keyingi o‘rinlarda - Inspeksiya) yuklangan vazifa va majburiyatlarni bajarishda yuzaga kelib chiqadigan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash bo‘yicha qoidalarni belgilab beradi hamda Inspeksiyada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashga yagona yondashuvni shakllantirishga qaratilgan.
  2. Quyidagilar Inspeksiyadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashning maqsadi hisoblanadi:

Inspeksiya faoliyatini kompleks tahlil qilish orqali korrupsiya xavf-xatariga eng ko‘p moyil bo‘lgan funksiya va lavozimlarini belgilash;

korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha samarali oldini olish choralarini ishlab chiqish.

  1. Inspeksiyadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash quydagilarni ishlab chiqilishini nazarda tutadi:

Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi;

Inspeksiyada, korrupsiyaga qarshi kurashish choralar (tadbirlar)ni, mas’ul shaxslarni, amalga oshirish mexanizmi va muddatlarini o‘z ichiga belgilab olgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dastur.

  1. Inspeksiyadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash har yili yoki quyidagi holatlar yuzaga kelganda amalga oshiriladi:

korrupsiyaviy xavf-xatarlarni birlamchi baholash zaruriyati;

O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik talablarining o‘zgarishi;

funksiya yoki tartib-taomilning amalga oshirilishiga sezilarli ravishda ta’sir ko‘rsatuvchi Inspeksiyaning ichki hujjatlari o‘zgarishi;

Inspeksiya tuzilmasining, funksiyalarini amalga oshirishida o‘ziga xos jihatlarining o‘zgarishi, yangi funksiyalarning yuklanishi;

Inspeksiya funksiyalarining korrupsiyaviy xavf-xatar darajasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa shart-sharoitlarning kelib chiqishi.

5.Ushbu Uslubiyotda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

qoldiq xavf-xatar – korrupsiyaviy xavf-xatarni minimallashtirishga qaratilgan choralarni qabul qilingandan so‘ng qoluvchi xavf-xatar (ya’ni, amaldagi korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatni va tartib-taomillarni, xavf-xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni va joriy etilgan nazoratlarni hisobga olgan holda);

korrupsiyaviy xavf-xatar – xodimlar yoki uchinchi shaxslar tomonidan Inspeksiya nomidan va (yoki) ularning manfaatlarini ko‘zlab korrupsiyaviy xatti-harakatlarni sodir etish xavfi;

korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash – Inspeksiya tomonidan amalga oshiriladigan funksiyalarni tahlil qilish, ularning korrupsiyaviy xavf-xatarga moyillik darajasini aniqlash, shuningdek funksiyalar doirasida amalga oshiriladigan tegishli tartib-taomillar uchun o‘ziga xos va qoldiq korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash faoliyati;

korrupsiyaviy xavf-xatarlarning birlashgan xaritasi – Inspeksiyadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash natijalari bo‘yicha tuziladigan va Inspeksiya funksiyalari va tartib-taomillarining umumiy ro‘yxati, tegishli funksiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq ehtimoliy korrupsiyaviy xavf-xatar (sxemalar) tasnifi, o‘ziga xos va qoldiq korrupsiyaviy xavf-xatarlar darajasi, ularni minimallashtirish choralari va aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarni minimallashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan xodimlar lavozimlarini o‘z ichiga oluvchi birlashgan hujjat;

korrupsiyaviy harakatlar – xodim tomonidan bevosita yoki bilvosita shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora beruvchi manfaatlari yo‘lida harakat yoki harakatsizlik uchun moddiy manfaatdor bo‘lishi, shu jumladan pul, qimmatbaho qog‘oz, boshqa ko‘rinishdagi mulk va mulkiy huquqlar, mulkiy xarakterdagi xizmatlar olish, talab qilish, undirish, taklif qilish yoki berish, pora berish va/yoki olish yoki bunda vositachilik qilishda, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlar undirish (pora olish) va boshqa noqonuniy maqsadlarda o‘z xizmat vazifalaridan noqonuniy foydalanish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarlik – korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonunchilikda javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;

tartib-taomil – Inspeksiya funksiyalarini amalga oshirish doirasidagi xodimlar, bo‘linmalar tomonidan bajariladigan yoki bitta natijaga qaratilgan, yohud ma’lum bir funksiyaning ajralmas elementi hisoblangan, alomatlar bo‘yicha bir guruhga birlashtirish mumkin bo‘lgan harakatlar yig‘indisi;

funksiya – bir nechta tartib-taomilni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan Inspeksiyaning ichki jarayon (faoliyat yo‘nalishlari)laridan biri;

ekspert fikri – aniq fakt yoki hodisa bo‘yicha xodim yoki bo‘linmaning sub’ektiv qarashi yoki fikriga asoslangan qarori.

o‘ziga xos xavf-xatar – Inspeksiya faoliyati va amalga oshirilayotgan funksiyalari spesifikasidan kelib chiqadigan xavf-xatari, shu bilan birga uni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi hisobga olinmagan holda (ya’ni, amaldagi korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va tartib-taomillari, xavf-xatarlarni minimallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar va joriy etilgan nazoratlar hisobga olinmagan holda);

hududiy yoki tarkibiy bo‘linmaning korrupsiyaviy xavf-xatarlari xaritasi – inspeksiyaning hududiy yoki tarkibiy bo‘linmasidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash natijalari bo‘yicha tuziladigan hamda organ yoki muassasa funksiyalari va tartib-taomillarining umumiy ro‘yxati, tegishli funksiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq ehtimoliy korrupsiyaviy xavf-xatar (sxemalar) tasnifi, o‘ziga xos va qoldiq korrupsiyaviy xavf-xatarlar darajasi, ularni minimallashtirish choralari va aniqlangan korrupsiyaviy xatarni minimallashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan xodimlar lavozimlarini o‘z ichiga oluvchi hujjat.

  1. Inspeksiyadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat uchun mas’ul (keyingi o‘rinlarda – Ichki nazorat uchun mas’ul) tomonidan inspeksiya rahbari topshirig‘i asosida amalga oshiriladi. Inspeksiya rahbari topshirig‘ida baholashni o‘tkazish aniq muddatlari ko‘rsatiladi.
  2. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashda Ichki nazorat uchun mas’ul quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ullarni jalb qilgan holda Inspeksiyada xavf-xatarlarni baholash jarayonini tashkillashtiradi;

Inspeksiyada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash jarayoni ustidan umumiy nazoratni amalga oshiradi;

Inspeksiyadagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ullar, shuningdek inspeksiya markaziy apparati va hududiy bo‘limlariga mazkur Uslubiyotda ko‘zda tutilgan tartibga rioya qilish bo‘yicha maslahatlar beradi;

markaziy apparat bo‘linmalarining korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini tuzadi va Inspeksiyaning rahbari bilan kelishadi;

markaziy apparat va hududiy bo‘limlarning korrupsiyaviy xavf-xatarlari xaritasini Inspeksiyaning korrupsiyaviy xavf-xatarlarning birlashgan xaritasiga umumlashtiradi;

Inspeksiya rahbari va tegishli hududiy bo‘limlar rahbarlariga xavf-xatarlarni baholash natijalari va korrupsiyaviy xavf-xatarlarning birlashgan xaritasini taqdim etadi;

tasdiqlangan xavf-xatarlar xaritasi asosida hududiy bo‘limlar tomonidan ishlab chiqilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dasturlar loyihalarini ko‘rib chiqadi va ularni qabul qilish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi;

markaziy apparat bo‘limlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dasturini ishlab chiqadi va Inspeksiyaning rahbari bilan kelishadi;

markaziy apparat va hududiy bo‘limlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dasturi asosida Inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish dasturini ishlab chiqadi;

Inspeksiyada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarini muvofiqlashtiradi va ularni nazorat qiladi;

ushbu Uslubiyotda ko‘zda tutilgan boshqa vazifalarni amalga oshiradi.

Ichki nazorat uchun mas’ul zarur hollarda markaziy apparat tarkibiy bo‘linma rahbarlari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ullardan qo‘shimcha axborot va hujjatlarni talab qilib oladi.

2 bob. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni dastlabki baholash

  1. Inspeksiyada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni dastlabki baholash jarayoni tegishli buyruqlar va ularda ko‘rsatilgan muddatlar asosida amalga oshiriladi.

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni dastlabki baholashning umumiy muddati
6 oydan oshmasligi lozim.

  1. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni dastlabki baholash funksiyalarning korrupsiyaviy xavf-xatarga moyillik darajasini dastlabki baholash va tegishli funksiyalar doirasida Inspeksiya xodimlari tomonidan amalga oshiriladigan ayrim tartib-taomillarning korrupsiyaviy xavf-xatar darajasini baholashni
    o‘z ichiga oladi.
  2. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni dastlabki baholash, pastdan tegishli markaziy, hududiy va tarkibiy bo‘linmalardan) tepaga (inspeksiya darajasigacha), mazkur bobning 12-21-bandlarida ko‘rsatilgan tartib va ketma-ketlikda amalga oshiriladi.
  3. Ichki nazorat uchun mas’ul ushbu Uslubiyotiga 1-ilovada keltirilgan Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini ishlab chiqish bo‘yicha Inspeksiyaning markaziy apparati, hududiy bo‘limlariga ko‘rsatma yuborilishini ta’minlaydi.

Ko‘rsatmada tasdiqlangan Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini Ichki nazorat uchun mas’ulga taqdim etish muddatlari ko‘rsatilib, bu muddat yigirma besh ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.

  1. Inspeksiyaning markaziy apparat tarkibiy bo‘linmalari va hududiy bo‘linmalarining Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi tegishli bo‘linmalar tomonidan ishlab chiqilib, Ichki nazorat uchun mas’ulga markaziy apparat uchun yagona Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini tuzish maqsadida kiritiladi. Markaziy apparat tarkibiy bo‘linmalari va hududiy bo‘linmalarining Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi Ichki nazorat tuzilmasi tomonidan Inspeksiyaning rahbari bilan kelishiladi.
  2. Inspeksiya markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari tomonidan ishlab chiqilgan Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasiga oid savollar yuzaga kelgan taqdirda, Ichki nazorat uchun mas’ul tegishli tarkibiy bo‘limga izoh berish yoki xaritaga tuzatish kiritish uchun so‘rov yuboradi. Bunda, so‘rovga javob so‘rov olingan kundan boshlab besh ish kunidan oshmagan muddatda yuborilishi lozim.
  3. Ichki nazorat tuzilmasi xodimlari o‘z ekspertlik fikriga tayangan holda Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasiga o‘zgartirishlar kiritishlari mumkin.
  4. Markaziy apparat va hududiy bo‘linmalarning korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalari asosida Ichki nazorat tuzilmasi Inspeksiyaning korrupsiyaviy xavf-xatarlarning birlashgan xaritasini ishlab chiqadi.
  5. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning birlashgan xaritasini tuzish muddati, markaziy apparat va hududiy va bo‘linmaning korrupsiyaviy xavf-xatarlari xaritasi tasdiqlangan sanadan boshlab, o‘n ish kunidan oshmasligi kerak.
  6. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning birlashgan xaritasi inspeksiya Ichki nazorat uchun mas’ul taqdimnomasiga asosan inspeksiya rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
  7. Qoldik korrupsiyaviy xavf-xatarning yuqori darajasi bilan ifodalanadigan tartib-taomillar uchun Ichki nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish uchun mas’ul ushbu Uslubiyotining 2-ilovasiga muvofiq korrupsiyaviy xavf-xatarlarga eng ko‘p moyil bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatini ishlab chiqadi.
  8. Inspeksiyaning korrupsiyaviy xavf-xatarlarga eng ko‘p moyil bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati korrupsiyaga qarshi kurashish uchun mas’ulning taqdimnomasiga asosan inspeksiya rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
  9. Tasdiqlangan Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning xaritasida belgilangan chora-tadbirlarga asosan ushbu Uslubiyotning 3-ilovasiga muvofiq Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning xaritasi tasdiqlangan sanadan o‘n ish kuni ichida Inspeksiyaning markaziy apparat va hududiy bo‘limlarining korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarini inobatga olgan holda Ichki nazorat tuzilmasi tomonidan Inspeksiyaning hududiy va tarkibiy bo‘linmalarining korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi ishlab chiqiladi hamda Inspeksiya raxbari tomonidan tadiqlanadi.

3-bob. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning keyingi
(har yillik) baholanishi

24.Inspeksiyada korrupsiyaviy xavf-xatarlarning keyingi baholanishi doimiy ravishda, bir yilda kamida bir marta, qoida tariqasida yil boshida Inspeksiya rahbarining tegishli buyrug‘i asosida o‘tkaziladi.

Keyingi (har yillik) korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash muddati
6 oydan oshmasligi lozim.

  1. Yillik korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash ushbu uslubiyotning
    2-bobida ko‘rsatilgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni dastlabki baholash tartibida amalga oshiriladi.
  2. Har yillik korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash boshlanishidan oldin Ichki nazorat tuzilmasi inspeksiyaning markaziy apparati va hududiy
    bo‘limlari rahbarlariga oldingi baholash davriga nisbatan qonunchilikda yoki ichki idoraviy hujjatlarga kiritilgan o‘zgarishlarni aniqlash maqsadida ushbu Uslubiyotga 4-ilovaga mos shaklda So‘rovnoma yuboradi.
  3. Ichki nazorat tuzilmasi markaziy apparat va hududiy bo‘linmalar rahbarlari tomonidan to‘ldirilgan So‘rovnomalarni yig‘adi, tahlil qiladi.

4-bob. Inspeksiyada amalga oshiriladigan funksiyalar
va tartib-taomillarning korrupsiyaviy xavf-xatar
darajasini baholash tartibi

  1. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash tashqi va ichki axborot manbalaridagi ma’lumotlar tahlili asosida amalga oshiriladi, jumladan:

inspeksiyaning funksiyalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar va inspeksiyaning ichki hujjatlari (misol uchun, tarkibiy bo‘linmalar, xodimlarning lavozim yo‘riqnomalari to‘g‘risidagi nizomlar va h.k.);

ichki tekshiruvlar materiallari, shu bilan birga xizmat tekshiruvlari materiallari;

ichki audit va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha monitoring natijalari;

odob-ahloq komissiyasi yig‘ilishlari natijalari;

manfaatdor tomonlar, davlat xizmati oluvchilar, ekspertlar va boshqa manfaatdor shaxslar orasida o‘tkazilgan so‘rov, jumladan ijtimoiy tadqiqotlar natijalari bo‘yicha inspeksiyaning xodimlari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy harakatlarga oid murojaatlar;

Inspeksiya faoliyatidagi huquqbuzarliklarga oid statistik ma’lumotlar;

korrupsiyaviy harakatlar to‘g‘risida xabar berishga mo‘ljallangan aloqa kanallariga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojjatlari;

Inspeksiya xodimlari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy harakatlar yoki odob-ahloq qoidalariga rioya qilmaslik to‘g‘risida OAVdagi ma’luomotlar;

ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan izohlar;

huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan taqdim etilgan materiallar, jumladan jinoyat ishlariga doir axborotlar va boshqalar.

  1. 29.Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash jarayonida Inspeksiyaning har bir funksiyasi va tartib-taomili bo‘yicha korrupsiyaviy harakatlarni sodir etilishi imkoniyatlar borligi bo‘yicha tahlil qilish lozim.
  2. 30.Har bir funksiya quyidagi shkala bo‘yicha baholanadi:

korrupsiyaviy xavf-xatarlarga eng ko‘p moyil bo‘lgan funksiya;

korrupsiyaviy xavf-xatarlarga eng kam moyil bo‘lgan funksiya.

  1. O‘rganilayotgan funksiya doirasida amalga oshirilayotgan tartib-taomillarning o‘ziga xos xavf-xatarini baholash quyidagi mezonlarga ko‘ra amalga oshiriladi:

o‘ziga xos yuqori xavf-xatar korrupsiyaviy xavf-xatarlarga eng ko‘p moyil bo‘lgan funksiyalar doirasida amalga oshiriladigan tartib-taomillarga beriladi;

o‘ziga xos o‘rta xavf-xatar korrupsiyaviy xavf-xatarlarga eng kam moyil bo‘lgan funksiyalar doirasida amalga oshiriladigan tartib-taomillarga beriladi;

o‘ziga xos past xavf-xatar xavf-xatarlar ko‘zda tutilmagan va inspeksiyaning Ichki nazorat tuzilmasining asosli xulosasi asosida istisno tariqasida qo‘llanilishi mumkin.

  1. Qoldiq korrupsiyaviy xavf-xatar darajasini baholash xavf-xatarli hodisani amalga oshishining ehtimoli (mazkur Uslubiyotning 5-ilovasi
    5.1 jadvaldagi mezonlarga qarang) va korrupsiyaviy xavf-xatarning oqibat darajasi (mazkur Uslubiyotining 5-ilovasi 5.2 jadvalidagi mezonlarga qarang)ni hisobga olgan holda xavf-xatarlar ahamiyatlilik shaklidan foydalanib amalga oshiriladi (mazkur Uslubiyoti 5-ilovasidagi 5.1 rasm).

5 bob. Korrupsiyaviy xavf-xatarning qoldiq darajasini
minimallashtirish choralari

  1. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish chora-tadbirlarini belgilashda:

har bir chora Inspeksiya xodimlari uning maqsadlari, pirovard natijasi va ma’lum bir korrupsiyaviy xavf-xatarni minimallashtirish bilan aloqasini tushunishi uchun aniq va ravshan ifoda etilishi;

har bir chora uchun uni amalga oshirish muddati yoki davriyligi belgilanishi, uni amalga oshirish uchun mas’ul shaxslar, amalga oshirilishini monitoring qilish va samaradorligini baholash mexanizmlari aniqlab olinishi zarur.

  1. 34.Inspeksiyaning korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasiga kiritilgan, aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish chora-tadbirlari Inspeksiyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlariga ham kiritiladi (mazkur Uslubiyotining 6-ilovasi).
  2. 35.Inspeksiyadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish ustidan nazorat Ichki nazorat tuzilmasi tomonidan amalga oshiriladi.

6 bob. Yakuniy qoidalar

  1. 36.Zarurat bo‘lganda, Inspeksiyaning korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi va korrupsiyaga qarshi kurashish dasturiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha Ichki nazorat tuzilmasi tomonidan Inspeksiya rahbariga takliflar kiritiladi.
21.09.2024