DIQQAT! Temir yo'l kesishmasi...

“DIQQAT! Temir yo'l kesishmasi…

 Hozirda “O'zbekiston temir yo'llari” AJ ga qarashli 585 ta temir yo'l kesishmalari mavjud bo'lib, ulardan 176 tasi qo'riqlanadigan yo'l kesishmalaridir. Temir yo'l kesishmalarida svetoforlar, turli signallar, yo'l ko'rsatkichlari va katta tezlik bilan poyezd kelayotgani to'g'risidagi ogohlantirish belgilari haydovchilar so'zsiz amal qilishlari kerak bo'lgan qonun-qoidalardir. Shuning uchun yo'l kesishmalaridan o'tishda avtomobil haydovchilaridan har doim hushyorlik talab etiladi. Lekin avtoulovni  boshqarayotgan ayrim haydovchilar hamisha ham qonun-qoidalarga amal qilishmaydi. To`qnashuvlar kelib chiqishiga, eng avvalo avtomobil haydovchilari yo`l harakat xavfsizlik qoidalarini buzishi sabab bo`lmoqda. Jumladan, o'tgan 2017 yil davomida Respublikamizda temir yo'l kesishmalarida poyezdlar bilan avtomobillar to'qnashuvlari 40 marta sodir bo'ldi.    Joriy yilning shu kuniga qadar   temir yo'l kesishmalarida poyezdlar bilan avtomobillar to'qnashuvlari 17 marta kuzatildi.

Temir yo`l kesishmalarida poyezdlar hamda avtotransportlar harakatini xavfsizligini ta'minlash sifatini oshirish maqsadida “O'zdavtemiryo'lnazorat” davlat inspeksiyasi qoshida doimiy faoliyat yurituvchi Idoralararo kommisiya tashkil etilgan. Tasdiqlangan rejaga asosan “O'zdavtemiryo'lnazorat” davlat inspeksiyasi, “O'zbekiston temir yo'llari” AJ, Mintaqaviy temir yo`l uzeli korxonasi rahbarlari, viloyat va shaxar IIB  ma'sul xodimlari, “Avtomobil yo`llardan foydalanish boshqarmasi” DAK ma'sul xodimlari ishtirokida temir yo`l kesishmalari 1 yilda 2 marotaba yozgi va kuzgi ko`rikdan o'tkazilmoqda. Joriy yilning may va iyun oyida Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari va poytaxt  temir yo'l uchastkalarida joylashgan temir yo'l va atomobil yo'llari kesishmalarida bahorgi  ko'rik o'tkazildi.  Ko'rik jarayonida aniqlangan  kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan vazirliklar  va “O'zbekiston temir yo'llari” AJ  tomonidan kompleks chora tadbirlar ishlab chiqildi, reja asosida ishlar olib borilmoqda.

             Olib borilayotgan profilaktik ishlarga qaramasdan avtoulovni  boshqarayotgan ayrim haydovchilar hamisha ham qonun-qoidalarga amal qilishmayotganligi aniqlandi. To`qnashuvlar kelib chikishiga, eng avvalo avtomobil haydovchilari yo`l harakat xavfsizlik qoidalarini buzishi sabab bo`lmoqda. Jumladan, joriy yilning 16 may kuni Toshkent  viloyatida Bo`zsuv-Oqqovoq bekatlari oralig'idagi 23 kmda joylashgan qo'riqlanmaydigan temir yo'l kesishmasida mashinist Karimov boshqaruvidagi №4402 poyezd   “MAN” rusumli avtotransport  bilan to'qnashgan. Ushbu holatning kelib chiqishi tahlil qilinganida avtotransport haydovchisi poyezd kelayotganini ko'rgan holda to'xtamasdan harakatlangani, temir yo'l kesishmasi belgilari talablariga rioya qilmaganligi aniqlandi.

              Albatta sodir bo'lgan holat juda achinarlidir. Agarda har bir avtotransport haydovchilari temir yo'l kesishmasidan o'tayotganda qoidalarga rioya qilsa noxush holatlar yuz bermaydi. Avtotransport haydovchilari o'z hayoti bilan birgalikda yo'lovchilarning ham hayotiga ma'sulliklarini unutmasliklari lozim.

 

Zoirov Farrux Qodirovich

  “O'zdavtemiryo'lnazorat” inspeksiyasi

Toshkent filiali inspektori