Vazirlar Mahkamasining Transport boʻyicha yana bir qarori qabul qilindi
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi va Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi
Qarorga asosan:
- Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi to‘g‘risidagi nizom va uning tuzilmasi;
- Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom va uning tuzilmasi;
- Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom va uning tuzilmasi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomda "O‘ztemiryo‘lnazorat" inspeksiyasi maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyati va hisobotini tashkil etish tartibi, shuningdek, "O‘ztemiryo‘lnazorat" inspeksiyasi rahbarlarining funksional vazifalari va javobgarligi belgilangan.
Nizomga muvofiq quyidagilar "O‘ztemiryo‘lnazorat" inspeksiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
- O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi ta’minlanishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- temir yo‘l transportida foydalaniladigan mahsulotlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ularni sertifikatlashdan o‘tkazishni tashkil etish;
- temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi sohasida hamkorlikni amalga oshirish va xalqaro tashkilotlarda Transport vazirligi manfaatlarini ifoda etish.
"O‘ztemiryo‘lnazorat" inspeksiyasiga O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining taqdimnomasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi.
Boshliqning "O‘ztemiryo‘lnazorat" inspeksiyasi boshlig‘ining taqdimnomasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bir nafar o‘rinbosari bo‘ladi.