Til - millat ziynati
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida “Til – millat ziynati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda inspeksiya markaziy apparati, Toshkent filiali xodimlari va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor o‘qituvchilari - dotsent Jo‘ra Mamatov va Qodirjon Mo‘ydinovlar ishtirok etishdi.
1989 - yil 21 - oktyabr - o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan tarixiy sana. Ushbu sana mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, muhim tarixiy voqeaga aylangan va shu orqali tilimizning ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlash, yuksaltirish uchun ham beqiyos imkoniyatlar yaratilgan. Ammo davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish lozimligi bugungi kunimizning dolzarb vazifalaridan bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 - yil 21 - oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining e’lon qilinishi bu boradagi ishlarni jadallashtirishda dastur-ul-amal bo‘ldi.
Tadbirda mazkur farmonning mazmun mohiyati, davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish kabi yo‘nalishlardagi ishlar va oldinda turgan vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Shuningdek, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi tarixi, qonun qabul qilinishi yo‘lidagi harakatlar va mustaqillikdan so‘ng bugungi kungacha bo‘lgan jarayonlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda inspeksiya xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollariga javob olishdi. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasidagi hamkorlik muntazam davom ettirilishi kelishib olindi.
Firdavs Xayriddinov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
boshlig‘ining matbuot kotibi –
axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi