Temir yo‘llarda qoidalarga amal qiling!
Temir yo‘llarda yuklarni tashish, fuqarolarga xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatish hamda, temir yo‘l kesishmasi avtotransport vositalari va piyodalar o‘tishi joylari qulay bo‘lishi, doimo ishchi holatda saqlanishi lozim. Bu boradagi ishlar “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining qolgan filiallari qatori Qashqadaryo filiali xodimlari tomonidan ham muntazam nazorat qilib borilmokda.
Filial xodimlari tomonidan joriy yilning oktyabr oyida temir yo‘llarda harakat xavfsizlikni taminlash maqsadida 682 nafar fuqarolar ishtirokida 103 marotaba profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi bilan birgalikda 16 ta mahalla va 13 ta talim maskanlarida jami 790 nafar aholi o‘rtasida harakatlanayotgan poyezdga tosh otmaslik, temir yo‘l to‘siqlarini sindirmaslik, atrof muhitni ifloslantirmaslik, temir yo‘l hududidan o‘tayotgan paytda uyali aloqa vositasidan qat’iyan foydalanmaslik, hududda chorva mollarini boqmaslik kabi qoidalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shunga qaramay, temir yo‘l atrofiga chiqindilarni tashlab ketish, temir yo‘l izlari ustiga tosh qo‘yish kabi noxush holatlar hamon uchrab tyribdi. Soha rivojiga katta e’tibor berilayotgan bir vaqtda bunday salbiy holatlar kishining ta’bini buzmasdan qolmaydi. Binobarin, temir yo‘l hududi atrofida sodir etiladigan har qanday qoidabuzarlik kun kelib ayanchli hodisaga sabab bo‘lishi mumkinligini esdan chiqarmaslik kerak.
O.Qurbonazarov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Qashqadaryo filiali boshlig‘i