Temir yo'l kesishmalaridagi xavfsizlikka barchamiz mas'ulmiz.
Temir yo'l kesishmalaridagi xavfsizlikka barchamiz mas'ulmiz.
Temir yo'llar mamlakatimiz iqtisodiyoti rivoji uchun muhim. Shuningdek, xalqaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda temir yo'llarning ahamiyati beqiyos. Ular orqali har yili millionlab tonna yuk o'z manziliga yetkaziladi. Qolaversa, yangi temir yo'l magistrallarining ishga tushirilishi mintaqalar iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, mineral resurslar, neft va gaz, rangli metallar, qurilish materiallari va qimmatbaho foydali qazilmalarni kompleks o'zlashtirish uchun katta imkoniyatlar ochmoqda. Hozirgi vaqtda mamlakatimiz bo'yicha yuklarning 70 foizdan ziyodi, yo'lovchilarning 75 foizdan ortig'i temir yo'l transporti orqali tashilmoqda. Shunday ekan, temir yo'l transporti tizimi hayotimizda qay darajada muhim o'rin tutishini anglab yetmog'imiz lozim. Yo'l-transport kommunikatsiyalari global tarmoqlar orqali integratsiyalashayotgan, barcha turdagi transport vositalarining tezligi ortib borayotgan davrda harakat xavfsizligini ta'minlash dolzarblik kasb etadi. Bu temir yo'l transporti faoliyatini samarali tashkil etish uchun ham eng muhim omil hisoblanadi. Birgina Qashqadaryo viloyati miqyosida olib qaraydigan bo'lsak, bu borada zarur choralar ko'rilayotganiga qaramay ayrim fuqarolarning huquqbuzarligi tufayli harakat xavfsizligiga putur yetyapti. O'tkazilgan kuzatuvlar natijasida temir yo'ldan foydalanish chog'ida ehtiyotsizlikka yo'l qo'yish, qolaversa, avtomobil haydovchilari tomonidan temir yo'l kesishmasidan o'tish qoidalariga rioya qilmaslik holatlari aniqlandi.
Aytish joizki, hozirgi kunda viloyatda toifasi yuqori bo'lgan qo'riqlanuvchi temir yo'l kesishmalaridagi shlagbaumlar boshqaruvi avtomatlashtirilgan. Mazkur holatdan yaxshi xabardor bo'lmagan ayrim haydovchilar navbatchilarga noo'rin e'tiroz bildirishmoqda. Ya'ni haydovchi yopiq holatdagi temir yo'l kesishmasi oldida turar ekan, kesishma navbatchisidan poyezd hali uzoqdaligini aytib, shlagbaumni ochishni talab qilayapti, u bilan ziddiyatga bormoqda. Vaholanki, ularning bu e'tirozi o'rinsiz, bu holat navbatchiga bog'liq emas. Ya'ni poyezd o'z manzili tomon harakatni boshlashdan oldin bekat navbatchisi temir yo'lni ochiq holatga keltiradi, bunda kompyuter orqali ogohlantiruvchi ishoralar beriladi. Temir yo'l kesishmasida shu ishoralar berilganidan boshlab 15 soniya o'tgach, avtoshlagbaum avtomatik tarzda yopiq holatga keladi.
Shu bilan birga, qo'riqlanmaydigan temir yo'l kesishmalaridan o'tishda ham alohida ehtiyotkorlik zarur. Kesishmada ogohlantiruvchi qo'ng'iroq va svetoforning miltirovchi qizil chirog'i poyezd yaqinlashayotganligini anglatadi.
O'zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining tegishli moddalari asosida temir yo'llarda fuqarolarning beparvolik oqibatida sodir etgan qilmishlari va temir yo'l transport tizimining benuqson harakatlanishiga keltirgan ziyonlari uchun jarimalar belgilangan. Ya'ni temir yo'lni belgilanmagan joylardan kesib o'tish, chorva mollarini haydab o'tkazish, chorva mollarini temir yo'l atrofida boqish kabi hatti-harakatlar, transport vositalari haydovchilarining kesishmadan o'tish qoidalarini buzishi javobgarlikka sabab bo'ladi. O'zbekiston Respublikasining “Temir yo'l transporti to'g'risidagi”gi Qonunida esa temir yo'l bekatlari, vokzallar va temir yo'lning tashish jarayoni bilan bog'liq boshqa bo'linmalari hududlari, poezdlar harakati amalga oshiriladigan temir yo'l tarmoqlari o'ta xavfli zonalar hisoblanadi, deb ko'rsatilgan.
Muxtasar qilib aytganda, temir yo'llarda poyezdlar harakati xavfsizligini ta'minlash barchamizning burchimizdir. Bu borada mahallalarda, ta'lim muassasalarida temir yo'ldan o'tish, poyezdlar harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlarni oldini olish, yong'in xavfsizigi qoidalariga amal qilish yuzasidan targ'ibot ishlarini kuchaytirish lozim.
O.Qurbonnazarov
“O'zdavtemiryo'lnazorat” DI
Qashqadaryo filiali boshlig'i