Temir yo'l kesishmalarida to'g'ri harakatlaning!

 

      Temir yo'l transportining yurtimiz hayotida tutgan o'rni beqiyos. Temir yo'llar mamlakat iqtisodiyotining qon tomirlari, deb bekorga aytilmagan, albatta. Bu nomga munosib bo'lish, mavqeini saqlab qolish maqsadida “O'zbekistan temir yo'llari” AJ tomonidan sohada jiddiy o'zgarishlarga qo'l urildi. So'nggi vaqtda erishilgan muvaffaqiyatlar juda salmoqli. Misol uchun, Pop-Angren oralig'ida amalga oshirilgan yangi temir yo'l qurilishini olaylik. Loyihaning noyob jihati shundaki, ushbu temir yo'lning 19 ming 200 metri TOF ichidan, ya'ni tonnel orqali o'tadi.

      Ta'kidlash joizki, respublikamiz miqyosida yuklarni xavfsiz tashish va yo'lovchilarni manziliga sog'-omon yetkazish borasida boshqa transport vositalariga sardorlik qilish uchun temir yo'l tizimining hamma inshootlari soz holatda ishlashi talab etiladi. Shunday inshootlardan biri temir yo'l kesishmasidir. Temir yo'l kesishmasi bu avtotransport vositalari va piyodalar temir yo'ldan o'tishi uchun qurilgan inshoot bo'lib, ularning doimo soz bo'lishi va ishlashi uchun “O'zbekiston temir yo'llari" AJ tomonidan malakali ishchilar, murakkab texnologiya va uskunalar ajratilgan. Hozirgi kunda Qashqadaryo temir yo'l ta'mirlash korxonasiga qarashli 11 ta qo'riqlanmaydigan va 11 ta qo'riqlanadigan temir yo'l kesishmalari bo'lib, ular temir yo'l va avtotransport vositalarining xavfsiz harakatlanishiga xizmat qilib kelmoqda. “Maroqand-Qarshi temir yo'l uchastkasini elektrlashtirish” loyihasiga ko'ra ushbu yo'nalishda 11 ta temir yo'l kesishmasi mavjud bo'lib, ularning qurilishini yanada takomillashtirish maqsadida Qashqadaryo temir yo'l ta'mirlash korxonasi tomonidan yangi texnologiya tatbiq qilingan. Maroqand-Qarshi uchastkasida joylashgan bu temir yo'l kesishmalariga avtomatik yopish uskunasi o'rnatilgan, ya'ni kesishmagan poyezd yaqinlashishi bilan avtomatik tarzda boshqa transport vositalari oldida to'siq paydo bo'ladi va ular harakati to'xtatiladi.

       Hozirgi kunga kelib temir yo'l kesishmalarida xavfsizlikni ta'minlash maqsadida Qashqadaryo temir yo'l ta'mirlash korxonasi ishchi-xodimlari tomonidan mahalla, maktab va avtokorxonalarga borilib, aholi o'rtasida temir yo'ldan foydalanish qoidalari to'g'risida tushuntirish ishlari o'tkazilmoqda.

      Shunga qaramay, avtotransport vositalari haydovchilari tomonidan temir yo'l kesishmalarida yo'l harakati qoidalarini qo'pol ravishda buzish holatlari kuzatilmoqda. Bu, albatta, temir yo'l tizimi faoliyati sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatmay qolmaydi. Unutmangki, Sizning qoidabuzarligingiz ko'plab insonlar hayotiga xavf solishi, yuklar manziliga yetib borishining kechikishiga sabab bo'lishi mumkin.

 

O.QURBONAZAROV,

“O'zdavtemiryo'lnazorat”

inspeksiyasi

Qashqadaryo filiali boshlig'i