Inspeksiyada tadbir: Tekshirishlar qaysi tartibda amalga oshiriladi?

Tekshirishlar qaysi tartibda amalga oshiriladi?

          “O'zdavtemiryo'lnazorat” inspeksiyasida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2018 yil 6 sentyabrdagi “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o'tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o'tkazish tartibi haqida”gi vaqtinchalik nizomi muhokamasi bo'lib o'tdi va xodimlarga batafsil tushuntirish berildi. Tadbirda inspeksiyaning markaziy apparati va barcha filial vakillari ishtirok etishdi.

          O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 5308-sonli qaroriga asosan O'zbekiston Respublikasi Tekshirishlarni muvofiqlashtirish Respublika kengashi faoliyati to'xtalib, uning barcha me'yoriy hujjatlari 2018 yilning aprel oyidan bekor qilindi hamda barcha turdagi tekshirishlar va nazorat tadbirlari vaqtinchalik to'xtatilgan edi.

          O'zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi PF-5490-sonli “Tadbirkorlik sub'ektlarining huqulari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoniga asosan 2018 yil sentyabr oyidan tadbirkorlik sub'ektlarining moliya-xo'jalik faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan rejali tekshiruvlar, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o'tkaziladigan nazorat tartibidagi tekshiruvlar bekor qilindi.

          Ta'kidlanganidek, tekshirishlar O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o'tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o'tkazish tartibi haqida”gi vaqtinchalik nizomga asosan olib boriladi. Mazkur Nizom nazorat qiluvchi organlar va ularning hududiy bo'linmalari tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o'tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o'tkazishning vaqtinchalik tartibini belgilaydi.

          2018 yil 1 sentyabrdan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqish tegishli tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan qonunbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshiruvni tashabbus qilishni nazarda tutuvchi «xavfni tahlil etish» tizimi natijalari asosida amalga oshiriladi.

           “O'zdavtemiryo'lnazorat” DI inspektorlari Jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik talablari buzilganliklari asoslari to'g'risidagi murojaatlari yoki nazorat organlari tashabbusiga ko'ra tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini “xavfni tahlil qilish” natijalari asosida vakolatli organ bilan kelishilgan holda 10 kunga qadar tekshirish (nazorat tartibi)ni olib borishlari mumkin.

          O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o'tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish bo'yicha vakolatli organ sifatida nazorat qilib boradi. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o'tkaziladigan barcha tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro'yxatga olish yagona tizimida ro'yxatga olinishi shart. Elektron ro'yxatga olinmagan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o'tkaziladigan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.

          Tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o'tkazilgan tekshiruvlarning natijalari nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv tamomlangandan keyin uch kun davomida Tekshiruvlarni elektron ro'yxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.

Firdavs Xayriddinov
“O'zdavtemiryo'lnazorat” inspektsiyasi
 Axborot xizmati boshlig'i