Qo‘qonda tadbirkorlar bilan uchrashuv

 


         O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Farg‘ona filialida shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘quv seminari o‘tkazildi. “Qo‘qon” mintaqaviy temir yo‘l uzelida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarining huquqiy bilimlarini mustahkamlab olishdi.

         Prezidentimizning 2019 - yil 9 - yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni davlat organlari va tashkilotlari oldida aholining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish borasida bir qancha vazifalarni qo‘ydi. Jumladan, “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlari ham mazkur yo‘nalishda huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirib kelishmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yilning 20 - oktyabridan                  20 - noyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasida “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi” deb e’lon qilinishi bu boradagi ishlarning qamrovini yanada kengaytirdi.

         Inspeksiyaning markaziy apparatida boshlangan “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi” doirasidagi tadbirlar Qo‘qon shahrida ham tadbirkorlar va transport sohasi vakillari ishtirokida davom ettirildi. Unda Saylov kodeksi mazmun mohiyati, saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularni amaliyotda qo‘llash tartibi haqida so‘z yuritildi. Bu galgi saylovlarda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirilganligi va uning afzalliklari, deputatlarga qo‘yiladigan talablar borasida axborot berildi.

         Shuningdek, “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining asosiy vazifalaridan bo‘lmish temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, turli qoidbuzarliklarni oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, galdagi vazifalar haqida ma’lum qilindi. O‘tgan va joriy yilning ortda qolgan 9 oyi davomidagi ko‘rsatkichlar, yutuq va kamchiliklar tahlil qilindi. Harakat xavfsizligini ta’minlashda yana nimalarga rioya etish lozimligi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

         Tadbirkorlik sub’ektlari vakillarining faoliyatlari yanada rivojlanishi uchun korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashish orqali mazkur illatni bartaraf etish mumkinligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

         Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi.


Firdavs Xayriddinov –
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining
matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari
bo‘yicha maslahatchisi