Olmaliq KMK da tadbir…

Temir yo‘l transporti  ishonchliligi, xavfsizligi va yuqori darajadagi servis xizmati bilan ajralib turishi hech kimga sir emas. Darhaqiqat, inson sog‘lig‘i va hayoti hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmas boylikdir. Temir yo‘l mazkur sifatlarni o‘zida saqlab qolishi, shuningdek, xalqimiz hamda mamlakatimizga tashrif buyurgan mexmonlarning ishonchi yanada ortishi uchun harakat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish dolzarb vazifa hisoblanadi. Bu orqali fuqarolarimiz uzog‘ini yaqin qilish barobarida, mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligiga ham muhim ulush qo‘shiladi.

Harakat xavfsizligini ta’minlashda profilaktik tadbirlarning o‘rni bo‘lakcha. Zero, xavfni bartaraf etishdan ko‘ra uni oldini olish muhim sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi markaziy apparati va filial xodimlari muntazam ravishda profilaktik tadbirlarga alohida urg‘u berishadi. O‘tgan hafta OTMK aksiyadorlik jamiyatida tashkilotga qarashli temir yo‘l sohasida faoliyat yuritadigan rahbar va xodimlar uchun seminar tashkil etildi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda konchilar temir yo‘l borasidagi bilimlarini mustahkamlash bilan bir qatorda sohadagi so‘nggi yangiliklar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Jumladan, sanoat korxonalarida harakat xafsizligi buzulishlarini oldini olish, vagon shoxobcha yo‘liga yurib ketgan holda birinchi ko‘riladigan choralar, nostandart holatlarda lokomotiv brigadasining harakati borasida tushuntirishlar berildi.

- Yuklarimizning asosiy qismini temir yo‘l transporti orqali tashishimiz bois harakat xavfsizligiga rioya etish asosiy vazifalarimizdan sanaladi, - deydi OTMK aksiyadorlik jamiyati sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasi bosh muhandisi o‘rinbosari Hakim Mambetov. Tashkilotda xodimlarimiz bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida muntazam ravishda seminarlar o‘tkazamiz. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan bugungi tadbir barcha uchun birdek qiziqarli hamda samarali bo‘ldi. Ayniqsa, temir yo‘llarda yuz berishi mumkin bo‘lgan turli holatlar videorolik shaklida namoyish etilgani va tahlil qilingani xodimlarimiz uchun nihoyatda foydali bo‘ldi. Asosiysi harakat xavfsizligiga rioya etmaslik oqibatida yuz berishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarni ko‘rib, bunga yo‘l qo‘ymaslik choralari borasida chuqurroq bilim va ma’lumotlarga ega bo‘ldik.

Tadbir davomida harakat xavfsizligini taminlash maqsadida temir yo‘l xodimlarining o‘ziga tegishli yo‘riqnomalari va sanoat korxonasida temir yo‘llardan texnikaviy foydalanish koidalariga rioya qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

-Seminarda xavfsizlik talablari bilan birgalikda ishtirokchilarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida transport sohasidagi va boshqa qonun hujjatlari mazmun mohiyati bilan ham batafsil tanishtirdik, - deydi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Alisher Narxodjayev. Temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar, bo‘lajak vazifalar borasida axborot berildi. Temir yo‘l kesishmalarida diqqat-e’tiborni oshirish lozimligi, kesishmalarda harakatlanish tartibi borasida ham ko‘rsatmalar berildi.

Inspeksiya markaziy apparati sentyabr oyining o‘zida OTMK aksiyadorlik jamiyatidan tashqari, "Maksam-Chirchiq" AJ, “Maksam-Ammofos” AJ, “Yangi-Angren IES” AJ, Angren ko‘mir koni kabi korxonalarda ham seminarlar o‘tkazishdi. Filiallarda ham profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

 

Firdavs Xayriddinov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
boshlig`ining matbuot kotibi-axborot siyosati
masalalari bo`yicha maslahatchisi