Qoidalarga rioya qilaylik
Yuk va yo‘lovchilarni temir yo‘l transportida manzillariga talofotsiz va o‘z vaqtida yetkazib borish, ularning xavfsizligini taʼminlash temir yo‘l transporti xodimlarining maʼsuliyatli va sharafli vazifasidir.
Bugungi kunda “Toshkent – Samarqand”, “Toshkent - Buxoro”, “Toshkent-Karshi-Shaxrisabz” temir yo‘l uchastkalarida yuqori tezlikda harakatlanuvchi, “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdlarining qatnovi yo‘lga qo‘yilganligi barchaga maʼlum. Ushbu poyezdlar nafaqat fuqarolarimizni, balki chet eldan tashrif buyurgan sayyohlarni ham uzog‘ini yaqin qilmoqda. Bu holat o‘z navbatida mamlakatimizga tashrif buyurgan mehmonlarga yuqori servis xizmatlarini taklif etish bilan birgalikda, yurtimiz investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga ham zamin yaratmoqda. Tabiiyki bu jarayonda “temir karvonlari”ning soz va xavfsiz harakatlanishini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Temir yo‘l kesishmalari avtotransport vositalari va piyodalar o‘tishlari uchun xavfsiz va qulay bo‘lishi, doimo ishchi holatda saqlanishi lozim. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining Toshkent filiali hududidagi yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarning uchastkalarida, temiryo‘l stansiyalarida va o‘zining temir yo‘l shoxobchalariga ega bo‘lgan korxonalarda, poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilning ortda qolgan 5 oyi davomida 170 dan ortiq seminarlar va profilaktik ishlar o‘tkazildi. Tadbirlarda 1450 nafardan ortiq xodimlar ishtirok etishdi. O‘tkazilgan profilaktik ishlarda 1017 ta kamchiliklar aniqlandi, bu kamchiliklardan 332 tasi harakat xavfsizligiga xavf soluvchi kamchilik bo‘lib, ularning 92% bartaraf etildi va temir yo‘lda harakatlanadigan yuk hamda yo‘lovchi poyezdlarining harakatlanish xavfsizligi yana-da mustahkamlandi. Qolgan kamchiliklarning ham bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Transportdagi Ichki ishlar idoralari xodimlari, viloyat va tumanlar ichki ishlari xodimlari bilan birgalikda yuqori tezlikdagi temir yo‘l liniyasi atrofida yashovchi aholi punktlarida, o‘quv muassasalarida, korxona, tashkilot va muassasalarda temir yo‘l infratuzilmasi moddiy resurslarini saqlash, xavfsizlik talablari mavzusida suhbatlar, tushuntirish ishlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Ammo shunga qaramasdan, poyezdlarga tosh otish, temir izlarga turli buyumlarni qo‘yish yoki belgilanmagan joylardan qoidaga xilof ravishda temir yo‘lni kesib o‘tish, belgilanmagan hududda chorva mollarini boqish kabi holatlar uchrab turibdi.
O‘zbekiston Respublikasining “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi Qonunining 21–moddasida “temir yo‘l bekatlari, vokzallar va temir yo‘lning tashish jarayoni bilan bog‘liq boshqa bo‘linmalari hududlari, poyezdlar harakati amalga oshiriladigan hamda manyovr va yuk ortish, yuk tushirish ishlari bajariladigan yo‘lovchilar platformalari va temir yo‘l tarmoqlari o‘ta xavfli zonalar hisoblanadi va zarurat bo‘lganda atrofi o‘rab qo‘yiladi” deb ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 121-moddasida “lokomotivlar, vagonlar, daryo va havo kemalari, xuddi shuningdek hamma turdagi maxsus transportlarning oynalari va ichki jihozlariga shikast yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi” deb ko‘rsatib o‘tilgan.
Har qanday qoidabuzarlikka jazo muqarrar. Javobgar bo‘lmaslik uchun esa, qoidalarga rioya qilish, qolganlarga ham buni tushuntirish va o‘rnak bo‘lish talab etiladi. Oddiy qoidalarga amal qilish asnosida o‘zingiz va yaqinlaringizni turli ko‘ngilsiz holatlardan saqlab qolishingiz mumkinligini aslo unutmang.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati