Jamoatchilik kengashi - davlat organi va fuqarolar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi!

Jamoatchilik kengashi - davlat organi va fuqarolar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi

                2018 - yil 18 - iyul kuni “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 38-37-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida jamoatchilik kengashi tashkil etildi. Yangi tuzilgan Kengashga rais, kotib va a’zolari ovoz berish yo‘li bilan saylandi.

                 Mamlakatimizda mustaqil fuqarolik institutlarini rivojlantirish va mustahkamlash, ularning erkin faoliyati kafolatlarini ta’minlash, davlat organlarining fuqarolar bilan yaqin hamkorligini yo`lga qo`yish, ularning ochiq, shaffof  va oshkora faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, davlat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish yuzasidan kompleks va izchil ishlar amalga oshirildi.

                  Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari faoliyati tashkil etildi, davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Jamoatchilik nazorati to`g`risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

              Shu bilan birga mazkur yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi va uni ijobiy hal etishda yangicha yondashuv, jumladan aholi bilan ochiq va manzilli muloqot olib borishning yangi samarali vositalari va mexanizmlarini joriy etishni talab qilmoqda. Bu borada Prezidentimizning “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori muammolarni bartaraf etishda muhim huquqiy asos bo‘ldi. Shu munosabat bilan “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida namunali xizmat ko`rsatgan mehnat faxriylari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro`-e’tiborli fuqarolardan iborat doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengashi tuzildi.

                Kengashning asosiy vazifalari qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikri hisobga olinishi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni ro`yobga chiqarish bo`yicha inspeksiya va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdir. Shuningdek, inspeksiya faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil o‘tkazib, ularning natijalari bo`yicha takliflar tayyorlaydi.

 

Firdavs Xayriddinov
Axborot xizmati boshlig‘i