Hayotingizni xavf ostiga qo'ymang!
Hayotingizni xavf ostiga qo`ymang!
Odamlarning turmush sharoitlarining yaxshilanib borishi natijasida avtomobillar soni ham tez sur’atlarda ortib bormoqda. Ana shunday tezkor rivojlanish sharoitida poyezdlar bilan avtomobil yo`llari kesishgan joylarda transport haydovchilaridan o`z hushyorliklarini yanada oshirishlari talab etiladi. Lekin amalda shunday bo`lyaptimi? Qoidabuzar haydovchilar yo`l kesishmalaridagi yaqinlashib kelayotgan poyezd haqidagi ogohlantirish belgilarini ko‘rib tursa ham yo`lni kesib o`tib ketmoqchi bo`lishadi. Oqibatda noxush hodisa — avtomobillar bilan poyezdlarning to‘qnashuvi yuz beradi. Ularning aksariyati mudhish oqibatlarga olib kelmoqda. Bu to‘qnashuvlar oqibatida insonlar hayotdan erta ko‘z yumadi, qoidabuzar haydovchilar o‘zlarinigina emas, o‘zgalarning hayotiga ham zomin bo‘ladi, ko‘plar og‘ir tan jarohati olib bir umrga nogiron bo‘lib qoladi.
Kesib o‘tish joylari — xavfi baland qurilma bo‘lib, tashish jarayonining qatnashchilaridan ayniqsa sergaklik va temir yo‘llarni kesib o‘tish joylaridan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma hamda yo‘l harakati qoidalari talablari qat`iy bajarilishini talab etadi.
«O‘zdavtemiryo‘lnazorat» inspeksiyasi Orolbo‘yi filiali va Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli tomonidan bunday xunuk hodisalarning oldini olish borasida qator tadbirlar va targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramasdan temir yo‘l kesishmalarida mashina haydovchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish hollari uchrab turibdi.
2018 - yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli temir yo‘l kesishmalarida 3 marta poyezdlar bilan avtomashinalarning to‘qnashuvlari yuz berdi.
Mazkur holatlar tahlil qilinganda, to‘qnashuvlarga asosan mashina haydovchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalari talablarini qo‘pol ravishda buzib, yo‘l kesishmalarida poyezd yaqinlashayotgani haqidagi svetoforning avtomatik tarzda ogohlantiruvchi va harakatni taqiqlovchi qizil chiroqqa amal qilmay tez kelayotgan poyezd oldidan shoshib o‘tib ketmoqchi bo‘lishlari sabab bo‘lmoqda.
Yo‘l transport hodisalarining oldini olish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli xodimlari va mutasaddilari hamkorlikda muntazam ravishda sanoat korxonalarida, xususiy avtomobil transporti bor aholi o‘rtasida, maktab va mahallalarda suhbatlar o‘tkazib, tushuntirish ishlarini yanada jonlantirishlari lozim.
«Yo‘l qoidasi —umr foydasi» degan purma’no naql har bir kishining, ayniqsa avtomashina haydovchilarining yodidan chiqmasligi kerak.
F.Xayriddinov
Axborot xizmati boshlig`i,
D.Seydagaliev,
Inspeksiya Orolbo‘yi filiali noziri