Adliya vazirligida huquqiy mavzuda seminar tashkil etildi

           “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini tayyorlash: muammo va kamchiliklar” mavzusidagi seminarda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari – A.Abduraxmanov, inspeksiya boshlig‘ining matbuot kotibi-axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – F.Xayriddinov hamda normativ-texnologik bo‘lim Bosh mutaxassisi – D.Madaminovalar ishtirok etishdi.
Vazirlik tomonidan tashkil etilgan tadbirda norma ijodkorligi faoliyati sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mavjud muammolar yechimi haqida so‘z bordi.

            Ta’kidlanishicha, Harakatlar strategiyasi doirasida yurtimizda olib borilayotgan islohotlar norma ijodkorligi faoliyatini faollashishiga olib keldi. Masalan, 2018 - yilda 2621 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Bu 2016 - yilga nisbatan 151 foizga ko‘pdir. Biroq, mazkur yo‘nalishda muammolar ham mavjud. Adliya vazirligiga kiritilayotgan loyihalar sifati talab darajasida emasligi, 2018 - yilda 725 ta loyiha Reglament talabiga rioya etilmasdan kiritilganligi aytib o‘tildi.
Bu esa, yuridik xizmat xodimlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilayotgan (qabul qilinayotgan) normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni olib borish ishlari lozim darajada yo‘lga qo‘yilmaganligidan dalolat beradi.

             Seminarda adliya vazirligi mas’ullari tomonidan norma ijodkorligi sohasida yo‘l qo‘yilayotgan boshqa kamchiliklar haqida ham ma’lumot berilib, ularni barataraf etish borasida tegishli tavsiyalar berildi.

            Tadbirda yuridik xizmat xodimlarini rag‘batlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham so‘z yuritildi. Adliya vazirligi tomonidan yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalarini berish orqali ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2017 - yilda 480 nafar, 2018 - yilda 920 va 2019 - yilning hozirgi davrigacha 335 nafar yuridik xizmatlar xodimlariga martaba darajalari berilgan. Bu esa, o‘z navbatida, respublika bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmatdagi vakant o‘rinlarning kamayishiga olib keldi. Yuridik xizmatlardagi vakant o‘rinlar soni 2016 - yilda 28 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi paytga kelib bu ko‘rsatkich soni 4 baravarga kamayib, respublika bo‘yicha o‘rtacha 6 foizni tashkil etmoqda.

             Shu bilan birgalikda yuridik xizmatlar xodimlari ustidan kelib tushayotgan shikoyatlar salmog‘i oshgan. Ayrim yuridik xizmat xodimlari tomonidan fuqarolarni ovora qilish ular bilan qo‘pol muomalada bo‘lish hollariga yo‘l qo‘yilmoqda. Xususan, 2019 - yilning o‘tgan davrida adliya organlariga yuridik xizmat xodimlari ustidan 36 ta shikoyatlar kelib tushgan. Bu kabi salbiy holatlar huquqshunoslar tomonidan oddiy kasb etika qoidalariga rioya etilmayotganligidan kelib chiqmoqda. Mazkur holatlarning oldini olish maqsadida vazirlik tomonidan “Yuridik xizmat xodimlarining kasb va etika qoidalari” ishlab chiqilmoqda. Ushbu hujjat o‘z navbatida huquqshunoslarning mas’uliyati va kasbiy samaradorligini yanada oshishiga xizmat qiladi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati