Chorak sarhisobi
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda inspeksiya markaziy apparati va Toshkent filialidan xodimlar ishtirok etishdi.
2017 yil 3 yanvar sanasidagi O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Prezidentimizning 2017 yil 2 fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi inspeksiyada mazkur illatga yo‘l qo‘ymaslik va uni oldini olish borasida keng qamrovli ish olib boradi. Navbatdagi yig‘ilishda uchinchi chorak davomida amalga oshirilgan ishlar va galdagi vazifalar muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan dastlab inspeksiya boshlig‘i, korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi raisi D.Axmedov nutq so‘zladi.
- “2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi” mazkur illatga qarshi kurashni yanada kuchaytirishga muhim omil bo‘lmoqda. Dasturda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish orqali korrupsiyani oldini olish bilan birgalikda, soha rivojiga, ulkan muvaffaqiyatlarga erishishimiz mumkinligini har bir xodim chuqur his qilishi, anglab yetishi lozim.
Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi o‘tgan davr va chorakni yakunlab quyidagilarni ma’lum qildi:
- davlat dasturida vazirlik va idoralarga, xususan, “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” davlat inspeksiyasiga tegishli bo‘lgan bandlarni o‘z vaqtida bajarilayotgani;
- xodimlar o‘zaro manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaganliklari;
- ular tomonidan korrupsion holatlarga yo‘l qo‘yilmaganligi, shuningdek, xodimlar ustidan veb-sayt, ishonch telefoni, pochta yoki bevosida (jumladan anonim) murojaatlar, shikoyatlar kelib tushmaganligi ma’lum qilindi.
Salbiy holatlar kuzatilmasligi uchun muntazam monitoring olib borilishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Inspeksiya bosh yuristkonsulti Sh.Raxmanov so‘zga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha xodimlarni hamjihatlik, yakdillikda ishlashi, jamoat va davlat tashkilotlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikni muttasil mustahkamlab borish orqali ko‘zlangan maqsadga erishilishini bildirib o‘tdi.
O‘tkazilgan yig‘ilishda inspeksiya xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va bir qator masalalar muhokama etildi.
Yig‘ilish yakunida korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni yanada kuchaytirish, odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilish, shuningdek, belgilangan muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga axborot tayyorlash bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Firdavs Xayriddinov
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati boshlig‘i