Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid!
Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid!
O'zbekiston Respublikasi temir yo'llarda yuk va yo'lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda korrupsiyani oldini olish va uni bartaraf etish maqsadida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Bosh prokuraturaning Tergovni metodik ta'minlash boshqarmasi katta prokurori Sardor O'razboev ishtirok etdi.
2017 yil 3 yanvar sanasida O'zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonuni hamda davlatimiz rahbarining joriy yil 2 fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida “2017-2018 yillarga mo'ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Davlat dasturi” qabul qilinib, Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha idoralararo komissiya tashkil etildi. Yuqoridagi qonun va qarorlar ijrosini ta'minlash maqsadida “O'zdavtemiryo'lnazorat” davlat inspektsiyasi va uning hududiy filiallarida ham qator amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, joriy hafta inspektsiya majlislar zalida “Korruptsiya – milliy xavfsizlikka tahdid” mavzusida tadbir tashkil etildi. Uchrashuvda mazkur illatni oldini olishga qaratilgan keng qamrovli ishlar, erishilgan natijalar, galdagi vazifalar to'g'risida to'xtalib o'tildi. Korrupsiyani oldini olishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birga har bir fuqaro ham mas'ul ekanligi, hamma bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilgandagina kutilgan natijaga erishish mumkinligi ta'kidlab o'tildi.
- Korrupsiyani jamiyat rivojiga to'sqinlik qiluvchi, rivojlanishni sekinlashtiruvchi umuman olganda oldimizda turgan yuksak marralarni zabt etishimizda to'g'anoq bo'luvchi illat deb bilaman, - deydi “O'zdavtemiryo'lnazorat” inspeksiyasi xodimi Alisher Matniyazov. Bugungi tadbirda aytib o'tilganidek, davlatimiz rivojlanishi, hayotimiz yanada farovonlashishi uchun ham barchamiz mazkur illatni oldini olishda o'z hissamizni qo'shishimiz darkor. Huquqiy bilimlarimizni yanada mustahkamlagan bugungi davra suhbatida har birimiz o'zimiz uchun ko'plab qimatli ma'lumotlarga ega bo'ldik va kelajakda ish faoliyatimizda ham samarali qo'l kelishi aniq.
Shundan so'ng barcha ishtirokchilar va OAV xodimlari o'zlarini qiziqtirgan ko'plab savollarga javob olishdi. Tadbir uning barcha qatnashchilari uchun foydali, quvnoq va bahs javoblarga boy tarzda nihoyasiga etdi.
Firdavs Xayriddinov
“O'zdavtemiryo'lnazorat” inspektsiyasi
Axborot xizmati boshlig'i