Haydovchi kesishmada ehtiyot bo‘l!
2017-yil 10 oyi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli temir yo‘l kesishmalarida 2 ta poyezd bilan avtomashinalarning to‘qnashuvlari yuz bergan bo‘lsa, joriy yil ushbu hodisalarning soni 2 taga ko‘paygan.
Jumladan, 2018-yil 15-fevral kuni To‘rtko‘l – Elikqal’a temir yo‘l bekatlari oralig‘ining 551 km pk 7 da joylashgan qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasida “Neksiya” rusumli avtomashina 319-sonli Xo‘jand – Moskva yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashuvi sodir bo‘lgan. Natijada avtomashina haydovchisi tan jarohati olgan, teplovoz himoyalovchi qurilmasiga shikast yetkazilgan, poyezd manziliga belgilangan jadvaldan 40 daqiqa kechikib yetib borgan. Bunday misollarni ko`plab keltirib o‘tish mumkin.
Biroq, yuqorida o‘xshash hodisalarni tahlil qilganimizda, to‘qnashuvlarga asosan avtotransport haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzib, yo‘l chetidagi harakatni taqiqlovchi ko‘rsatgichlarga rioya qilmay, temir yo‘l kesishmalaridan o‘zboshimchalik bilan to‘xtamasdan o‘tib ketmoqchi bo‘lganliklari sabab bo‘lmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, poyezdlar bilan avtomashinalarning to‘qnashuvi odatda ayanchli oqibatlarga olib keladi.
Yo‘l transport hodisalarining oldini olish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida mutassadi idoralar bilan hamkorlikda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli xodimlari muntazam ravishda avtoxo‘jaliklarda, sanoat korxonalarida, maktab va mahallalarda aholi bilan suhbatlar o‘tkazishi va tushuntirish ishlarini kuchaytirishi lozim.
“Yo‘l qoidasi – umr foydasi” ekanligi har bir kishining, ayniqsa avtomashina haydovchilarining yodidan chiqmasligi lozim.
B.Sadukasov
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Orol bo‘yi fililali inspektori