Harakat xavfsizligini ta’minlashda faol bo‘laylik!
Yurt obodligi, el farovonligi, xalq xo‘jaligi rivoji va taraqqiyotida temir yo‘lning ahamiyati nihoyatda kattadir. Bu yo‘llar orqali ming-minglab tonnalab sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari buyurtmachi hamda iste’molchilarga yetkaziladi. Shu sababli ham temir yo‘llarni iqtisodiyotimizning “qon tomirlari” deb atashadi.
Harakat xavfsizligini ta’minlash, aholini bu borada faolligini oshirish maqsadida “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Qashqadaryo filiali va Termiz temir yo‘l masofa korxonasi tomonidan hududdagi o‘nlab maktab, mahalla, tashkilot, fermer, avtotransport xo‘jaliklarida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazildi. Natijada o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kesishmalardagi qoidabuzarliklar ancha kamaydi. Mavridi kelganda shuni ham aytish kerakki, oxirgi vaqtda Termiz – Qumqo‘rg‘on, Termiz – Boldir yo‘nalishida temir yo‘l yaqinida yashaydigan aholi tomonidan temir yo‘l atroflarida chorva mollarini boqish va qarovsiz qoldirish yoki yosh bolalarga ishonib tashlab ketish holatlari uchrab turibdi. Buning oqibatida mollar temir yo‘lga chiqib, poyezdlar harakatini qiyinlashtirmoqda. Boz ustiga ushbu joylarda ayrim yosh bolalar tomonidan relslar ustiga har xil qattiq jismlarni qo‘yib ketish hollari uchrayapti.
Vaholanki, hozirgi kunda Toshkent – Termiz yo‘nalishida “Nasaf” elektropoyezdi soatiga 100-120 kilometr tezlikda shovqinsiz harakatlanmoqda. Ammo temir yo‘l atrofida yashovchi fuqarolarimiz e’tiborsizligi hamon kuzatilyapti. Bu esa harakat xavfsizligiga xavf solib, yosh bolalarimiz hayotiga rahna solmoqda.
Eng achinarlisi, temir yo‘lga yaqin hududda istiqomat qilayotgan aholi temir yo‘llar atrofida chiqindi to‘kib, bir tomondan manzarani buzayapti va atrof-muhitga ziyon yetkazishmoqda. Temir yo‘l hammamizniki. Har birimiz temir yo‘l xizmatidan foydalanamiz. Bas, shunday ekan, temir yo‘llar atrofini chiqindixonaga aylantirmaslik, toza-ozoda saqlanishiga hissa qo‘shmog‘imiz shart. Bu orqali harakat xavfsizligini ta’minlab, o‘z salomatligimizni ham saqlashga erishamiz.
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati