Harakat xavfsizligini ta’minlashda faol bo’laylik!
Harakat xavfsizligini ta’minlashda faol bo’laylik!
Temir yo’llar orqali ming-ming tonnalab sanoat, qurilish, qishloq xo’jaligi mahsulotlari buyurtmachi hamda iste’molchilarga yetkaziladi. Shu sababli ham temir yo’llarni iqtisodiyotimizning “qon tomirlari” deb atashadi.
Korxonamiz jamoasining asosiy vazifasi poezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashdan iborat. Buning uchun yil davomida temir yo’llarni ta’mirlash va harakat belgilarini, yo’l kesishmalarini qo’riqlash, lozim bo’lganda relslarni olib boramiz.
Korxonamiz tasarrufidagi kesishmalarning 48 tasi asosiy temir yo’llarda bo’lib, 7 tasi qo’riqlanadigan, 41 tasi qo’riqlanmaydigan temir yo’l kesishmalaridir. Bu qurilmalar 216,8 kilometr temir yo’l ichida joylashgan bo’lib bular harakat xavfsizligini ta’minlashda asosiy vositalardir .
Temir yo’l masofa korxonasi rahbariyati, davlat nazorat inspektsiyasi tomonidan shu yilning o’tgan sakkiz oyida o’nlab maktab, mahalla, tashkilot, fermer, avtotransport xo’jaliklarida targ’ibot-tashviqot tadbirlari o’tkazildi. Natijada o’tgan yilning shu davriga nisbatan kesishmalaridagi qoidabuzarliklar ancha kamaydi. Mavridi kelganda shuni ham aytib o’tish kerakki, oxirgi vaqtda Termiz-Qumqo’rg’on, Termiz-Boldir yo’nalishida temir yo’l yaqinida yashaydigan aholi tomonidan temir yo’l atroflaridachorva mollarini boqish va qarovsiz qoldirish yoki yosh bolalarga ishonib tashlab ketish holatlari uchrab turibdi. Buning oqibatida mollar temir yo’lga chiqib poezdlar harakatini qiyinlashtirmoqda. Boz ustiga ushbu joylarda ayrim yosh bolalar tomonidan relslar ustida har xil qattiq jismlarning qo’yib ketish hollari uchrayapti.
Vaholanki hozirgi kunda Toshkent-Termiz yo’nalishida Nasaf tezyurar elektropoezdi soatiga 100-120 kilometr tezlikda shovqinsiz harakatlanmoqda. Ammo temir yo’l atrofida yashovchi fuqarolarimiz e’tiborsizligi hamon kuzatilmoqda. Bu esa harakat xavfsizligiga xavf solib, yosh bolalarimiz hayotiga raxna solmoqda.
Eng achinarlisi, temir yo’lga yaqin istiqomat qilayotgan aholi temir yo’llar atrofida chiqindi to’kib, bir tomondan manzarani buzayapti va atrov-muhitga ziyon yetkazishmoqda. Temir yo’l hammamizniki. Qaysidir ma’noda har birimiz temir yo’l xizmatidan foydalanamiz. Bas, shunday ekan, temir yo’llar atrofini chiqindixonaga aylantirmaslik, balki toza-ozoda saqlanishiga Hissa qo’shmog’imiz shart. Qolaversa, harakat xavfsizligini ta’minlash ham o’zimizning salomatligimizni asraydi. Bunga befarq bo’lmaylik!
O.Qurbanazarov,
“O’zdavtemiryo’lnazorat”
inspektsiyasi
Qashqadaryo filiali
boshlig’i