Harakat xavfsizligi doimiy nazoratda
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi poyezdlar qatnoviga ruxsat berildi. Bunda sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish talab etiladi. Temir yo‘l transporti xodimlari esa, mazkur qoidalarga amal qilgan holda yo‘lovchilarni manzillariga yetkazishlari lozim. Bunda temiryo‘lchilar harakat xavfsizligi qoidalariga amal qilishlari dolzarb ahamiyat kasb etadi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining Farg‘ona filiali xodimlari bu borada tizimli ishlarni amalga oshirishmoqda. Raqamlarga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, filial inspektorlari 2019 - yilning 12 oyi davomida “Qo‘qon” temir yo‘l uzeli tasarrufidagi stansiya, korxona va tashkilot muassasalarida 528 marotaba profilaktik ishlarini olib borishdi. Tadbirlarda 2500 nafarga yaqin xodimlar ishtirok etishgan. Ushbu ishlar davomida 2688 dona kamchiliklar aniqlangan. Barcha kamchilik va nuqsonlar stansiya, korxona va tashkilot ishchi-xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan muddatda to‘la-to‘kis bartaraf etildi. Asosiysi, temir yo‘l transportida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklar oldindan bartaraf etildi va bu orqali harakat xavfsizligi buzilishi oldi olindi.
Joriy yilning ortda qolgan 5 oyi davomida filial xodimlari 218 marotaba profilaktik tadbirlar tashkil etishdi. Bunda shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarirning temir yo‘l orqali amalga oshiradigan faoliyatlari bir tekisda davom etishi va xavfdan xoli bo‘lishi uchun kerakli ko‘rsatmalar va tavsiyalar berildi. Inspektorlar har bir xo‘jalik bo‘yicha mavjud holatni o‘rganib chiqib, normativ hujjatlarning talabi va amaliyotda qo‘llanishi bo‘yicha tushuntirish berishdi. Xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish barobarida, bilim va malakalarini mustahkamlab olishdi.
Bugungi kunda inspektorlar tomonidan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar mamlakatimizda amalda bo‘lib turgan karantin talablariga qatʼiy amal qilgan holda amalga oshirilmoqda.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati