Alisher Narxodjayev: Profilaktik tadbirlar o‘z samarasini bermoqda
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining asosiy vazifalaridan bo‘lmish - temir yo‘l transporti sohasidagi harakat xavfsizligini ta’minlashga oid belgilangan qoida va normalarga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi. Joriy yilning o‘tgan davri davomida inspeksiya xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yechimini kutayotgan masalalar xususida Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Alisher Narxodjayev bilan suhbatlashdik.
- Temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlanishini nazorat qilish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsangiz.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan xabardor etish tartibida inspeksiya markaziy apparati va filial xodimlari ishtirokida joriy yilning ortda qolgan o`n oyi davomida 157 ta tekshirish tadbirlarini amalga oshirdik. Tekshirishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartarf etish borasida tushuntirishlar berilib, taqdimnomalarda batafsil kamchiliklar mazmuni ko‘rsatib o‘tildi. Ayrim kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.
- Amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘tgan yil bilan taqqoslaganda qaysi yo‘nalishlarda ko‘rsatkichlar ijobiy tomonga o‘zgardi?
- Temir yo‘llarda xavfsizlik buzilish holatlari o‘tgan yilga nisbatan 37 tadan 31 taga (6taga) kamaygan. Bu albatta, biz kutgan natija emas va shu bois bu boradagi ishlarni yanada kuchaytiramiz. Joylarda inspektorlarimiz tomonidan muntazam profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotganligi o‘z samarasini bermoqda. Ehtimoliy xavflarni bartaraf etish bo‘yicha seminarlar tashkil etilmoqda. Temir yo‘lga yaqin hududda istiqomat qiluvchi aholi va yon atrofdagi o‘quv muassasalarida tushuntirish ishlari olib borilyapti hamda ommaviy axborot vositalarida ham muntazam chiqishlar qilinyapti.
- Ma’lumki, har qanday sohadagi muammolarning yechimi kadrlarning bilim va malakasiga bevosita bog‘liq. Temir yo‘l sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlar qanday tartibda o`z malakalarini oshirishadi?
- “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi temiryo‘lchilar Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti qoshidagi temir yo‘l transporti kadrlari malakasini oshirish, tayyorlash va qayta tayyorlash yo‘l markazida bilim va malakalarini mustahkamlab borishadi. “O‘zbeksiton temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga kirmaydigan, o‘zining shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining temir yo‘l transporti xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi O‘zining temir yo‘llariga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning temir yo‘l transporti xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazida malaka oshirishadi. Har ikkala markazda xodimlar har bir xo‘jalik bo‘yicha zamonaviy talablar asosida bilimlarini oshirishadi.
- Tekshirishlarni amalga oshiruvchi inspeksiya xodimlarining malakasini oshirish qanday yo‘lga qo‘yilgan?
- Harakat xavfsizligini ta’minlanishini nazorat qiladigan inspektorlarimiz har tomonlama puxta bilim va malakaga ega bo‘lishlari nihoyatda muhim. Bu bugungi davr talabi desam xato bo‘lmaydi. Joriy yil xo‘jaliklar bo‘yicha inspektorlarimiz Rossiya davlatida 10 kunlik kurslarda o‘z malakalarini oshirib olishdi. Kurslarni aniq reja asosida yuqori malakali mutaxassislar tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida o‘tkazildi. Vagon xo‘jaligi bo‘yicha gapiradigan bo‘lsam, sohadagi yangiliklar va qardosh davlatdagi islohotlar bilan ham yaqindan tanishib, tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldik. Tashkiliy masalalari ham zamonaviy talablarga to‘la javob beradi. Bir so‘z bilan aytganda mazkur kurslar har bir xodimimiz uchun har tomonlama foydali bo‘ldi. Kelgusida ham xodimlarimizning malakasini oshirib borish kun tartibidagi dolzarb vazifalardan bo‘lib qoladi.
Firdavs Xayriddinov suhbatlashdi