Hayotingizni xavf ostiga qoldirmang!
Temir yo‘llar mamlakatimiz iqtisodiyoti rivoji uchun muhim. Shuningdek, xalqaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda temir yo‘llarning ahamiyati katta. Ular orqali har yili har xil turdagi yuklar o‘z manziliga yetkaziladi. Qolaversa, yangi temir yo‘l magistrallarining ishga tushirilishi mintaqalar iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, mineral resurslar, neft va gaz, rangli metallar, qurilish materiallari va qimmatbaho foydali qazilmalarni kompleks tashish uchun katta imkoniyatlar ochmoqda. Hozirgi vaqtda Farg‘ona vodiysi bo‘yicha yuklarning 70 foizdan ziyodi, yo‘lovchilarning 75 foizidan ortig‘i temir yo‘l transporti orqali tashilmoqda. Shunday ekan temir yo‘l transporti tizimi hayotimizda qay darajada muhim o‘rin tutishini anglab yetmog‘imiz lozim.
Poytaxtimiz Toshkent shaxri bilan Farg‘ona vodiysi viloyatlarini, shaharlarini, tumanlarini bir-biriga bog‘lovchi yangi zamonaviy elektrlashtirilgan “Angren-Pop” temir yo‘li ishga tushirildi. Har kuni ikki marotaba Andijon – Toshkent, seshanba kuni Andijon-Termez, yakshanba kuni Andijon-Moskva va Andijon-Buxoro, payshanba kunlari Andijon-Urgench yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi poyezdlari hamda xalq xo‘jaligi yuklarini tashish uchun yuk poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgan va katta tezlikda uzluksiz harakat qilmoqda.
Hozirgi kunda Qo‘qon-Namangan-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha yangi temir yo‘lini tubdan ta’mirlash va elektrlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Qo‘qon-Namangan yo‘nalishi bo‘yicha elektrlashtirish ishlari tugatildi. Namangan temir yo‘l vokzali yangidan zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Temir izlar ayrim joylarda avtotransportlar yuradigan mahalliy va magistral yo‘llari bilan kesishadi. Farg‘ona vodiysida ya’ni “Qo‘qon” mintaqaviy temir yo‘l uzeli hududida 136 ta temir yo‘l kesishmasi mavjud bo‘lib, undan 58 tasi qo‘riqlanadigan, 78 tasi qo‘riqlanmaydigan toifaga kiradi. Qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmalarining 6 tasiga avtomat to‘siqlar (UZP) o‘rnatilgan.
Avtotransport haydovchilari temir yo‘l kesishmalaridan e’tiborsizlik bilan o‘tishi oqibatida Farg‘ona vodiysi temir yo‘l kesishmalarida 2019 - yilning ortda qolgan to‘qqiz oyi davomida 3 ta ko‘ngilsiz voqealar, to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Bu hodisalar va voqealar ba’zi bir haydovchilar tomonidan amaldagi qonun – qoidalarga amal qilmasligi va haydovchilar o‘rtasida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari bo‘yicha yetarli darajada tushuntirish ishlarini olib borilmayotganligi oqibatida kelib chiqmoqda.
Yo‘l transport kommunikatsiyalari global tarmoqlar orqali integratsiyalashayotgan, barcha turdagi transport vositalarining tezligi ortib borayotgan davrda harakat xavfsizligini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu temir yo‘l transporti faoliyatini samarali tashkil etish uchun ham eng muhim omil hisoblanadi. Aytish joizki, hozirgi kunda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida toifasi yuqori bo‘lgan qo‘riqlanuvchi temir yo‘l kesishmalaridagi shlagbaumlar boshqaruvi avtomatlashtirilgan. Bu esa haydovchilar bilan kesishma navbatchilari o‘rtasida tushunmovchilik keltirib chiqarmoqda. Ya’ni haydovchi yopiq holatdagi temir yo‘l kesishmasi oldida turar ekan, kesishma navbatchisidan poyezd hali uzoqdaligini aytib shlagbaumni ochib berishini talab qilmoqda. Vaholanki, ularning bu e’tirozi umuman o‘rinsiz, kesishmadagi avtoshlagbaumni navbatchi ochib yopmaydi. Poyezd o‘z manzili tomon harakatni boshlashdan oldin bekat navbatchisi temir yo‘lni ochiq holatga keltiradi, bunda kompyuter orqali ogohlantiruvchi ishoralar beriladi. Temir yo‘l kesishmasida shu ishoralar berilgandan boshlab yo‘riqnomada ko‘rsatilgan soniya o‘tgach, avtoshlagbaum avtomatik tarzda yopiq holatga keladi. Bu jarayonda navbatchi faqat kuzatuvchi vazifasini bajaradi, ya’ni kesishma navbatchisi shlagbaum yopilganini nazorat qiladi.
Shu bilan birga qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmalaridan o‘tishda ham alohida ehtiyotkorlik zarar qilmaydi. Kesishmada ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq va svetoforning miltillovchi qizil chirog‘i poyezd yaqinlashayotganini anglatadi. Bundan tashqari tezyurar yo‘lovchi poyezdlarini qatnovi yo‘lga qo‘yilganligi sababli “Qo‘qon” mintaqaviy temir yo‘l uzeli boshlig‘ining bo‘yrug‘iga asosan har bir qo‘riqlanmaydigan kesishmalarda navbatchilar biriktirildi va qo‘shimcha nazorat kuchaytirildi.
Shu o‘rinda, temir yo‘l atrofida yashovchi fuqarolarimiz va haydovchilardan kesishmalardan o‘tayotganda e’tiborni kuchaytirib, qoidalarga rioya etishlari eng avvalo o‘z hayotlari va xavfsizliklari uchun muhimligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz.
Mo‘ydin Yusupov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Farg‘ona filiali boshlig‘i