Temir yo‘l kesishmalarida hushyorlikni oshiring!

 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Orolbo‘yi filiali va Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli tomonidan yo‘l kesishmalaridagi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish borasida joylarda qator tadbirlar va tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ammo shunga  qaramasdan temir yo‘l kesishmalarida haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish hollari uchrab turibdi.

Maʼlumki, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishmalari haydovchilardan hushyorlikni oshirishlari lozim. Kesishmalarda harakatlanish tashish jarayonining qatnashchilaridan ayniqsa sergaklik va temir yo‘llarni kesib o‘tish joylaridan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma hamda yo‘l harakati qoidalari talablariga qatʼiy rioya etishni talab etadi.

2020 - yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli temir yo‘l kesishmalarida 8 marotaba poyezdlar bilan avtomashinalarning to‘qnashuvlari sodir bo‘lgan. Mazkur holatlar tahlil qilinganda, to‘qnashuvlarga asosan avtotransport haydovchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalari talablarini qo‘pol ravishda buzib, harakatni taqiqlovchi ko‘rsatkichlarga amal qilmay, temir yo‘l kesishmalaridan kesib o‘tishlari sabab bo‘lgan.

Ushbu yo‘l transport hodisalari tufayli mintaqaviy temir yo‘l uzeli katta zarar ko‘rdi. Haydovchilar va avtomobil salonida bo‘lgan fuqarolarning esa hayoti va sog‘lig‘i jiddiy xavf ostida qolib, aksariyat holatda ayanchli yakunlangan.

Qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmalarida yo‘l transport hodisalari sodir bo‘lmasada, avtomashina haydovchilari tomonidan qo‘pol ravishda yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari ko‘paymoqda. Haydovchilarning beparvoligi va qoidalarga rioya qilmasligi katta falokatlarga yetaklashi barchaga ayon. Ularning oldini olish avvalo o‘zimizga bog‘liqligini unutmasligimiz lozim.

 

O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati