Profilaktik tadbirlar samarali bo‘lmoqda
Dunyoda va mamlakatimizda kuzatilib turgan pandemiya ko‘plab sohalar qatori, temir yo‘l transportini ham chetlab o‘tmadi. Mamlakatimizga COVID-19 infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida maʼlum vaqt davomida mahalliy yo‘lovchi tashuvchi poyezdlar faoliyati to‘xtatib qo‘yildi. Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlangach joriy yil 18 - may kunidan boshlab, mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini amalga oshirishga ruxsat berildi.
Maʼlum tanaffusdan so‘ng “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi inspektorlari ham harakat xavfsizligini taʼminlanishini nazorat qilish borasidagi keng qamrovli faoliyatlarini davom ettirishyapti. Markaziy apparat va filiallar xodimlari ayni paytda asosiy eʼtiborni profilaktik tadbirlarga qaratishgan. Sababi, yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni oldindan bartaraf etish muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi. Profilaktik ishlarda aynan ehtimoliy xavfni, nuqsonlarni kamaytirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Joriy yilning ortda qolgan 5 oyi davomida inspektorlar tomonidan 1372 ta profilaktik tadbirlar tashkil etildi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 17 taga ko‘pdir. Tadbirlarda 9500 nafardan ziyod temir yo‘l transporti xodimlari ishtirok etib, o‘z bilim va malakalarini mustahkamlab olishdi. Shuningdek, aniqlangan 6329 ta kamchiliklar bartaraf etilish choralari ko‘rildi va bu orqali harakat xavfsizligi buzilishi oldi olindi. Har bir xo‘jalik bo‘yicha normativ hujjatlarning talabi va amaliyotda qo‘llanishi bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Temir yo‘l transportiga aloqador hujjatlardagi o‘zgarish va qo‘shimchalar, yangiliklar bo‘yicha maʼlumot berildi.
Profilaktik ishlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarda hamda shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarida o‘tkazildi. Olib borilgan ishlar natijasida shaxobcha temir yo‘llarida harakat xavfsizligi buzilishi bilan bog‘liq holatlar 50 foizga kamaydi. Bu o‘z navbatida tadbirkorlik subyektlarining lokomotiv va vagonlarini turli talafotlar, ko‘zda tutilmagan xarajatlardan saqlab qoldi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati