Profilaktik tadbirlar ko‘rsatkichlarni yaxshilashga xizmat qilmoqda
2020 - yilning ortda qolgan 7 oyi davomida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Buxoro hududiy filiali inspektorlari tomonidan amaldagi normativ huquqiy-hujjatlar talabiga asosan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Buxoro” mintaqaviy temir yo‘l uzeli unitar korxonasi tashkilotlarida harakat xavfsizligini taʼminlanishi borasida tekshirishlar va profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Filial xodimlari tomonidan asosiy eʼtibor profilaktik tadbirlarga qaratilgan. Jumladan, lokomotiv xo‘jaligi bo‘yicha hududdagi mavjud depolar – “Buxoro” va “Tinchlik” lokomotiv depolarida harakat xavfsizligini taʼminlash va ehtimoliy xavflarni oldini olishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, 2020 - yil iyul oyi davomida mazkur depolarda va uning texnik ko‘rik maskanlarida lokomotiv xo‘jaligi bo‘yicha 11 ta profilaktik ishlar amalga oshirilib, 76 ta kamchiliklar aniqlandi. Ularning 26 tasi poyezdlar harakati xavfsizligiga tahdid soladigan kamchiliklar sirasiga kiradi. Joriy yil boshidan buyon o‘tkazilgan profilaktik ishlar 80 tani tashkil etmoqda. Tadbirlar davomida aniqlangan 451 ta kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf qilinishi taʼminlandi. Shuningdek, tashkil etilgan seminar mashg‘ulotlarida 677 nafar ishchi xodimlar o‘z bilim va malakalarini mustahkamlab olishdi. Muhandislar, texnik rahbarlar va soha xodimlariga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar kelib chiqishi sabablari va ularni bartaraf qilish yo‘llari batafsil tushuntirib o‘tildi.
Amalga oshirilgan ishlar samarasini “Buxoro” mintaqaviy temir yo‘l uzelida yo‘l qo‘yilgan nuqson holatlari kamayganida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Yaʼni mazkur uzelda 2019 yil 7 oy davomida 5 ta nuqson holatiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, joriy yil 7 oy mobaynida ushbu ko‘rsatkich 1 tagacha qisqargan. Bundan ko‘rinib turibdiki yo‘l qo‘yilgan nuqson holatlari 80% ga kamaygan.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Buxoro hududiy filiali lokomotiv xo‘jaligi bosh inspektori A.Qosimov tomonidan lokomotiv xo‘jaligi sohasida to‘g‘ri tashkil qilingan profilaktik ishlar samarasi o‘laroq joriy yilning orta qolgan davrida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Buxoro” mintaqaviy temir yo‘l uzeli unitar korxonasida lokomotiv xo‘jaligi bo‘yicha favqulodda vaziyatlar (avariya va to‘qnashuvlar) kuzatilmadi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati